12-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan “Rus bahodirlari” boshqaruvidagi qiruvchilar halokati, Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyevning vafoti va AQSH parfyumeriya magnatining bedarak yo‘qolgan qiziga oid faktlar o‘rin olgan.
“Rus bahodirlari” boshqargan qiruvchi samolyotlarning Vyetnamdagi halokati
Bundan 27 yil oldin 12-dekabr kuni Rossiyaga tegishli uchta “Su-27” qiruvchi samolyotlari Vyetnamning Kamran aviabazasidan 25 kilometr uzoqlikda halokatga uchragan edi. Malayziyadagi xalqaro aviasalonning ko‘rgazma parvozlarida ishtirok etgan Rossiya Harbiy-havo kuchlarining to‘rt nafar uchuvchisi halok bo‘lgan.1995-yil oxirlarida Malakka bo‘g‘ozidagi Langkavi orolida xalqaro aviasalon o‘tkazilgan. Ko‘rgazmali chiqishlarda qatnashish uchun Rossiyadan Malayziyaga oltita “Su-27” qiruvchi samolyoti va bitta “Il-76” uchib kelgan. Harbiy transport samolyoti bortida Rossiya delegatsiyasi va aviatsiya texnikalar bo‘lgan, “Su-27”ni esa “Rus bahodirlari” guruhining sakkiz nafar uchuvchisi boshqargan. Langkavi oroli tomon yo‘lda “Su-27UB” tizimlaridan biri ishdan chiqqan.
Qiruvchi samolyotni Xitoyda qoldirishga to‘g‘ri kelgan va Rossiyaning beshta havo kemasi Malayziyadagi shouda qatnashgan. Yig‘ilganlarni hayratga solgan ko‘rgazmali chiqishlardan keyin rossiyalik mutaxassislar Malayziya vakillari bilan shu turdagi qiruvchilarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni boshlab yuborgan. Muzokaralar oddiy emasdi va bir necha kunga cho‘zilgan. 1995-yil 12-dekabr kuni uchuvchilar guruhi “Il-76” bilan birga Langkavi orolidan Vyetnamga qarab yo‘lga chiqqan. Parvoz odatdagi rejimda amalga oshirilgan va uch soatga yaqin davom etgan.
Qo‘nishdan 20 daqiqa oldin uchuvchi Vladimir Kovalskiy samolyotlar safini suratga olgan. Murakkab ob-havo sharoitida pastlashga to‘g‘ri kelgan. Qalin bulutlarni kesib o‘tish va yetakchi samolyotni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun “Su-27” qiruvchisi “Il-76” ortidan yaqin ergashgan. Yerdagilarning ko‘zi guruhga tushgan va ularga tarqalish buyurilgan. Biroq “Il-76” komandiri Grebennikov barchaga ikkinchi aylanishni amalga oshirishni va belgilanmagan joyga qo‘nish uchun qayta tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan. Guruh yana bulutlar qurshovida qolgan.
“Il-76”ning o‘ng uchuvchisi Sergey Suxar balandlikni o‘lchovchi uskuna strelkasi pasayishni ko‘rsatgan: to‘g‘rida tog‘ yonbag‘ri joylashgandi. U zudlik bilan shturvalni o‘ziga tortgan. Ikkita chetdagi qiruvchi (uchuvchilar Nikolay Grechano va Nikolay Kordyukov) bu vaqtda tog‘ning cho‘qqisi bilan to‘qnashib ketgan. Bir necha soniyadan keyin ichida Boris Grigoryev va Aleksandr Sirovoy bo‘lgan navbatdagi samolyot tog‘ga urilgan. Halokat oqibatida samolyotlar butunlay yakson bo‘lgan, to‘rt nafar uchuvchi halok bo‘lgan.
“Il-76” Karman aviabazasiga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan, qolgan ikkita “Su-27” Fan-Range aerodromiga yo‘l olgan. Ushbu qiruvchilar yetakchi samolyotdan chaproqda uchgani bois, tog‘dan qochib qolgan. Bir necha soatdan keyin qiruvchi samolyot uchuvchilar Langkavidagi Rossiya delegatsiyasi vakillari bilan bog‘langan. Ofitserlar past ko‘ruvchanlik hududiga kirilganida yon va orqa tarafda yorqin chaqnashga guvoh bo‘lganini bildirgan. Ikkala “Su-27” ham to‘qnashuvdan qo‘rqib yuqoriga ko‘tarilgan va Karmandan 120 kilometr uzoqlikda qo‘nish amalga oshirgan.
“Rus bahodirlar” guruhining a’zosi Aleksandr Zaysevning aytishicha, 1990-1995-yillarda Karman aerodromidagi radiotexnik vositalar soz holatga bo‘lmagan, qo‘nishga kirish uchun yordam beradigan tizimlar kafolati tugagan edi. Bularning barchasi 2001-yilda aviabazaning yopilishiga olib kelgan.
Sud jarayonlari qariyb ikki yil davom etgan. Rossiya Harbiy-havo kuchlarining deyarli barcha rahbariyati so‘roq qilingan. Halokatda aviatsiya general-mayori Grebennikov ayblangan. Ta’kidlanishicha, u xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halokatga olib kelgan beparvolikka yo‘l qo‘ygan.
Harbiy sud 1998-yil 13-mart kuni Grebennikovni parvoz qoidalarini buzishda aybdor deb topib, uni olti yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqargan. Ammo amnistiya sabab general sud zalidan ozod etilgan.
AQSHda vafot etgan Haydar Aliyev
2003-yil 12-dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyev AQSHda vafot etgandi. U Ogayo shtatining Klivlend shahridagi shifoxonada olamdan o‘tgan. So‘nggi 4 yil davomida Aliyev to‘rtta operatsiyani boshidan o‘tkazgan edi. Avvaliga Klivlend klinikasida unga aortokoronar shuntlash amalga oshirilgan, keyin Vashingtonda kataraktasi olib tashlangan, yana Klivlendda prostata jarrohligi va churrani olib tashlash operatsiyalari o‘tkazilgan.Haydar Aliyevning sog‘lig‘i 21-aprelda keskin yomonlashgan, o‘shanda u qon bosimining tushib ketishi oqibatida Bokudagi saroyda nutq so‘zlayotganida yiqilib tushgan edi. 8-iyul kuni u Anqaradagi harbiy-tibbiyot akademiyasiga joylashtirilgan, 6-avgust kuni esa Rossiya FVV samolyotida Turkiyadan Klivlendga olib borilgan. Navbatdagi prezidentlik saylovlari oldidan Haydar Aliyev 2-oktabrda nomzodligini olib, fuqarolarini o‘g‘li, bosh vazir Ilhom Aliyevga ovoz berishga chaqirgan. Shu orqali u nisbatan demokratik yo‘l bilan hokimiyatni topshirgan edi.
6-avgust kuni Aliyev ommaga ko‘rinish bermagan, uning o‘limi esa butun Ozarbayjon uchun kutilmagan voqeaga aylangan. Kechqurun telekanallardan biri kechki yangiliklarning asosiy efir vaqtida “Gulxaniy” turk klinikasi rahbarlaridan birining chiqishi namoyish etilgan (bu Haydar Aliyev bir necha bor davolangan Turkiya harbiy-tibbiyot akademiyasi edi). Yetakchi shifokorlardan biri Aliyevning sog‘lig‘i yaxshi ekanini va u Klivlendda davolanayotganini aytgan. Ikki soatdan keyin esa xuddi shu telekanal birinchi bo‘lib Haydar Aliyev vafot etganini e’lon qilgan.
Haydar Aliyevning o‘limi nafaqat Ozarbayjonning oddiy aholisini, balki rasmiy hukumatni ham shoshirib qo‘ygan. Bu vaqtda BMTning ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha Jenevada o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyasidan Bokuga qaytayotgan mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev otasining o‘limi haqida yo‘lda xabar topgan.
Sobiq prezidentning jasadi Bokuga 14-dekabr kuni olib kelingan. Haydar Aliyevning dafn marosimi 15-dekabr kuni Bokudagi Faxriy qabristonida amalga oshirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Haydar Aliyev 1999-yilda birinchi operatsiyani boshidan o‘tkazgan vaqtida marhum rafiqasi yonidan qabr band qilib qo‘ygandi.
AQSH parfyumeriya magnatining bedarak yo‘qolgan qizi
1910-yil 12-dekabr kuni Nyu-Yorkda parfyumer magnatining 26 yoshli qizi bedarak yo‘qolgan edi. Uning yo‘qolish siri 100 yildan ortiq vaqt davomida fosh etilmagan.1900-yilda amerikalik yozuvchi Laymen Frenk Baum “Oz saltanatining g‘aroyib sehrgari” nomi ostida kitobini chop etgan. Ushbu ertak XX asrning eng mashhur va ommabop asarlaridan biriga aylangan. Sujetga ko‘ra, Kanzasda amakisi bilan yashovchi Doroti ismli yetim qizchani dahshatli dovul uychasi va Toto laqabli iti bilan Sehrli saltanatga uchirib ketadi.
Kitob chop etilganidan roppa-rosa 10 yil o‘tib, AQSHda shu kabi haqiqatga mos kelmaydigan hodisa sodir bo‘lgan. Yo‘qolgan qizning ham ismi Doroti edi. Mashhur asardagi personajdan farqli o‘laroq Doroti Arnold kichik qizcha emas, balki o‘rta yoshli ayol edi. Uning otasi Frensis Arnold F.R. Arnold &Co. parfyumeriya mahsulotlarini import qiluvchi kompaniya rahbari bo‘lgan.
Doroti yaxshi ta’lim olgan, Brin Maur nomli nufuzli ayollar kollejini tamomlagan, bir necha tilda so‘zlasha olgan va yozuvchi bo‘lishni istagan. Doroti bedarak yo‘qolgan vaqtida 26 yoshda edi. U yoshligidan oqsuyaklar haqida yozishni yaxshi ko‘radigan muxbirlar e’tibor markazida bo‘lgan. Gazetalarda yozilishicha, 1910-yilda Doroti “yoshligi, boyligi cho‘qqisida bo‘lgan, ayniqsa, mutlaqo baxtli ko‘ringan”. Uning qo‘lini so‘rash ilinjida bo‘lganlar bir dunyo edi, biroq Doroti o‘sha davrning ilg‘or ayollari an’anlariga muvofiq oila qurishga shoshilmagan.
Shunga qaramay, parfyumeriya imperiyasi xo‘jayinining qizi odob-axloq qoidalaridan chetga chiqmagan, mavqeiga putur yetkazadigan ishlarni amalga oshirmagan, mojarolar markazida bo‘lmagan.
Qiz o‘zi bilan hech qanaqa buyum olmagan. Yonida har oy otasi tomonidan beriladigan 100 dollar pulidan 25 dollarni olgan — o‘sha vaqtlar uchun bu kattagina mablag‘ edi. Bundan tashqari, hodisadan bir kun oldin Doroti dugonalari bilan o‘tkaziladigan kechada qatnashish uchun bankdan 36 dollar yechib olgandi.
12-dekabr kuni kechasi Doroti “Uoldorf-Astoriya” restoranida onasi bilan ovqatlanishga borishni rejalashtirgan. Qiz u yerga kelmagan, bu esa uning yaqinlarini hayron qoldirgan, shunga qaramay, biror chora ko‘rilmagan, chunki Arnold xonim ancha mustaqil inson edi.
Doroti ertasi kuni kechga qadar uyiga kelmaganidan keyin vahima boshlangan. Qizning otasi Frensis Arnold shov-shuvni istamas edi — birinchidan, bu biznesiga ta’sir qilishi mumkin deb hisoblagan, ikkincidan, qizi tovon puli talab qilish evaziga o‘g‘irlab ketilgan bo‘lsa, uning ommaga oshkor qilinishi vaziyatni keskinlashtirardi.
Arnoldlar Dorotining akasi Jonning do‘sti — advokat Kitdan yordam so‘rab murojaat qilgan. U yo‘qolgan qizni yaxshi tanir, turli tuzilmalar bilan aloqasi bor bo‘lgani bois, ishni o‘z zimmasiga olgan. Advokat Kit shaxsan o‘zi Nyu-Yorkdagi barcha shifoxona va morglardan ko‘zdan kechirib chiqqan, AQSHning boshqa shaharlariga so‘rovlar yuborgan, biroq barcha sa’y-harakatlar natijasiz edi. Frensis Arnold taniqli Pinkerton detektiv agentligini yollaydi. Bir necha haftalik qidiruv ishlaridan keyin ham biror natija bo‘lmagan.
Qizning xonasini ko‘zdan kechirgan advokat Kit faqatgina bitta narsadan ajablangan — kaminda yoqib yuborilgan bir varaq, yo‘lovchilarni AQSHdan Yevropaga tashuvchi transport kemalarining reklama qog‘ozlari bo‘lgan. Shu sababli xususiy tergovchilar Yevropaga yo‘l olgan barcha kemalardagi yo‘lovchilar ro‘yxatini ko‘zdan kechirgan, ammo Doroti Arnold ular orasida bo‘lmagan.
Yevropaga bo‘lgan qiziqish faqatgina reklama varaqalari sabab yuzaga kelmagan. Gap shundaki bu vaqtda u yerda Dorotining sevgilisi yashardi. Kichik Jorj Griskom ismli 40 yoshli muhandis ota-onasi bilan Filadelfiyada yashagan, biroq 1910-yil dekabrda ular bilan birga Florensiyaga ko‘chib ketgan. Ular bir-biri bilan to‘rt yildan buyon tanish edi.
Arnoldlar Griskomga telegramma yuborib, Doroti qayerdaligini so‘ragan, u esa hech narsadan xabari yo‘qligini bildirgan. Bu javob qizning yaqinlarini qanoatlantirmagan, 1911-yil 16-yanvar kuni Dorotining onasi va akasi Griskom yashagan Florensiyadai mehmonxonaga borib, u bilan shaxsan uchrashgan.
Olti haftalik qidiruvlar yordam bermagach Frensis Arnold taslim bo‘lgan. U o‘z kabinetiga jurnalistlarni chaqirib, matbuot anjumani o‘tkazgan va qiziga Markaziy bog‘da hujum qilib, o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminni ilgari surgan.
Qizning yo‘qolishiga vanihoyat politsiya jalb etilgan. Qidiruv ishlari juda yaxshi olib borilganiga shubha bo‘lishi mumkin emasdi, chunki Dorotining amakisi AQSH Oliy sudi a’zosi bo‘lgan mashhur yurist Rufus Uler Pekxem edi. Qidiruv ishlari davomida butun Markaziy bog‘ tintib chiqilgan.
Qizning yo‘qolishiga Griskomning aloqasi bor deb hisoblovchilar Dotori o‘z joniga sevgilisi unga uylanishni xohlamagani uchun o‘z joniga qasd qilgan yoki yashirin abort sabab halok bo‘lgan deb hisoblagan. Oxirgi versiya 1916-yilda o‘z tasdig‘ini topa boshlagan — Rod-Aylend qamoqxonasidagi Edvard Glenn Orris ismli mahbus Griskomga o‘xshagan odam unga murojaat qilib, 150 dollar evaziga Vest-Poyntdagi uylardan birining yerto‘lasidan qabr qazishni so‘ragani aytgan. Politsiya bu versiyaga yopishib olgan, Vest-Poyntdagi yerto‘lalarni ko‘zdan kechirgan, biroq hech narsa topa olmagan.
Frensis Arnold qizining qidiruv ishlariga XX asr uchun hayratlanarli daraja mablag‘ — 100 ming dollar sarflagan, ammo bundan biror foyda chiqmagan. Na xususiy detektivlar, na politsiya buning sirini topa olmagan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.