Meksikaning Gomes-Palasio shahridagi uylardan birida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlab turilgani aniqlandi. Bu haqda El Siglo de Torreon xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchilar orasida besh nafar erkak, bir ayol va voyaga yetmagan bola bor. Ular avtobusda Quyi Kaliforniyaga ketayotganida Gomes-Palasioda to‘xtash vaqtida hujumga uchragan. Jinoyatchilar o‘zbekistonliklardan 1,2 ming dollar talab qilgan, biroq fuqarolarda pul bo‘lmagan. Shuning sababli noma‘lum shaxslar tovlamachilikni davom ettirish uchun jabrlanuvchilarni xususiy uyga olib kelgan.
Huquq-tartibot idoralari o‘zbekistonliklarni qo‘yib yuborgan va ularni himoya qilish hamda tegishli yordam ko‘rsatish uchun Milliy Migratsiya institutiga yuborgan.
Mavzuga doir: Qozog‘istonda ekspluatatsiya qilish maqsadida majburan ushlab turilgan 10 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi