Qirg‘izistonda 34 nafar bemorda cho‘chqa grippi aniqlandi. Bu haqda KaktusMedia xabar berdi.
Kasalliklarning oldini olish va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi epidemiologi Sulton Suranboyev bu bo‘yicha ma’lumot berdi. U vahima qilish uchun hech qanday sabab yo‘qligi va bu mavsumiy gripp ekanini qayd etdi.
“Qirg‘izistonda mazkur grippga chalinganlar soni 34 tani tashkil qilmoqda. Barcha gripp viruslari orasida bu 27,2 foizni tashkil qiladi. Hozir asosan B grippi tarqalmoqda va allaqachon 56 kishida qayd etilgan. Umumiy hisobda virusga chalinganlar 90 kishini tashkil qiladi”, — deydi u.
Ta’kidlanishicha, cho‘chqa grippi boshqa virus turlariday kechadi. U mavsumiy grippning har qanday turidan farq qilmaydi.
“Cho‘chqa grippi birinchi marta 2009-yilda Yevropada, 2015-yilda Rossiyada qayd etilgan. Bizda deyarli har yili alohida holatlar ro‘yxatga olinadi. Hozirda Qirg‘izistonda cho‘chqa grippining keng miqyosda tarqalishini ko‘rmayapmiz. Tahlillarga ko‘ra, kasallik o‘tgan yilgi darajada davom etmoqda”, — deya tushuntirdi Suranboyev.
Mavzuga doir: Rossiyaning 74 ta hududida cho‘chqa grippi aniqlandi