Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko hukumatning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berish borasidagi pozitsiyasini bildirdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
“Qozog‘iston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi”, — deydi siyosatchi va bu “hukumatning prinsipial pozitsiyasi” ekanini qayd etdi.
Shuningdek, u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning dastlabki kunlaridanoq mamlakatda hukumat qoshida komissiya tuzilganini eslatdi. Uning vazifasi Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirni va Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishning oldini olishdan iborat.
“Shuning uchun bu pozitsiyalar o‘zgarmaydi, ular, albatta, har qanday yangi tashabbuslarni baholashda qo‘llaniladi”, — deya xulosa qildi Roman Vasilenko.
Ma’lumot o‘rnida, 28-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi sanksiyalarni chetlab o‘tish va ularga amal qilmaslikni Yevropa Ittifoqidagi jinoiy huquqbuzarliklar ro‘yxatiga kiritdi. Hozirgi vaqtda jinoyatlar ro‘yxatiga terrorizm, odam savdosi, ayollar va bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi, narkotik va qurol savdosi, korrupsiya, kiberjinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilik kiradi.
Izoh (0)