Vengriya parlamenti Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi kelishuvlarni 2023-yil boshida ratifikatsiya qilmoqchi. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiyga ma’lum qilgan.
“Men bosh vazir Viktor Orbanga Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish imkoniyatlarini imkon qadar tezroq tasdiqlashni so‘rab murojaat qildim. Va parlamentning kelasi yil boshidagi birinchi sessiyasida ratifikatsiya bo‘ladi, degan va’dani eshitdim”, — dedi Moravetskiy.
Orban ham Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish masalasi parlamentning kelasi yilgi birinchi sessiyasi kun tartibiga qo‘yilganini tasdiqladi. “Shvedlar va finlar Vengriya tufayli bir daqiqani ham yo‘qotmagan va yo‘qotmaydi. Vengriya, albatta, ularning qo‘shilishi uchun zarur yordamni beradi”, — deb va’da qildi Vengriya bosh vaziri.
Hozirgacha NATOning 28 ta davlati Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi kelishuvlarni ratifikatsiya qilgan. Faqat Vengriya va Turkiya bunga ruxsat bermagan. OAVning yozishicha, Anqara Shvetsiyani alyansga qabul qilish haqidagi arizani katta ehtimol bilan, yil oxirigacha imzolamaydi. Turkiya hukumati Finlyandiya va Shvetsiya Anqaraga birorta ham terrorchini topshirmaganidan shikoyat qilgandi.
Izoh (0)