Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli turar joylardan birida kran qulab tushgandi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ushbu kranni ekspluatatsiya qilish uchun tegishli ruxsat olinmaganini ma’lum qildi.
Qo‘mitas mutaxassislari mazkur holat bo‘yicha joyga chiqqan holda tezkor o‘rganish o‘tkazgan. O‘rganish natijasida aniqlanishicha, Omega agro srtoy MCHJ qurilish tashkiloti qurilish obyektida “Yakka tartibdagi tadbirkor Najimov Rashid”ga tegishli KB-411.04 minora krani 1998-yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, ijara shartnomasi asosida Omega agro srtoy MCHJ qurilish obyektida ishlatib kelinmoqda.
19-noyabr kuni soat 09:00 larda qurilish maydonchasida ishchilar minorali kranning rels yo‘li ko‘chayotganini ko‘rgan. Avariya va baxtsiz hodisaning oldini olish maqsadida yuk ko‘tarish krani o‘qi (strelasi) pastga tushirilib demontaj ishlari boshlangan. Avtokran yordamida KB-411.04 minorali kranni maxsus yuk ko‘targichlar bilan ko‘tarish boshlangan paytda rels yo‘li cho‘kib minorali kran yiqilgan.
Qurilish mutasaddilari tomonidan minorali kranga tegishli hujjatlar Buxoro viloyatidan keltirilishi lozimligi sabab qilinib, qo‘mita xodimlariga taqdim etilmagan. Kranni ekspluatatsiya qilish uchun Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidan tegishli ruxsat olinmagan.
Xabarda aytilishicha, ushbu hodisa yuzasidan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan tegishli o‘rganish o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)