Joriy yilning 23-noyabridan 2023-yilning 4-iyuniga qadar Parijdagi Arab dunyosi institutida "Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Prezident Administrasiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikasiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva mazkur ko‘rgazma bo‘yicha quyidagicha fikr bildirdi.
"Men ushbu ko‘rgazma Yevropa jamoatchiligining qizg‘in e’tiborini qozonishiga ishonaman.
Unda yurtimiz hunarmandlarining ajoyib ishlarini namoyish etib, an’analarimiz va qadimiy san’at maktablarimiz haqida tasavvur uyg‘otamiz. Ko‘rgazmada XIX – XX asr o‘rtalariga oid milliy to‘qimachilik mahsulotlari, liboslar, bezaklar, Buxoro amirligi davrining zardo‘zli choponlari, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzeylari kolleksiyasidan to‘plangan Turkiston avangardiga oid rangtasvir asarlar o‘rin oladi.
Biz xalqaro auditoriyaga yurtimizning boy merosini taqdim etishdan benihoya xursandmiz. Umid qilamizki, ushbu loyiha xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi va shu orqali o‘zbek millatini butun dunyoga tanitishda o‘z hissasini qo‘shadi", - deb yozdi Saida Mirziyoyeva Telegramdagi o‘z sahifasida.
Izoh (0)