Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari 11-noyabr, juma kuni Xersonga kirib keldi. Bu ma’lumotni Xromadskega shahar aholisi, mahalliy jurnalistlar va Xerson viloyati hokimiyatidagi manba tasdiqladi, deb yozadi Meduza.
Avvalroq Ukraina ommaviy axborot vositalarida Xerson aholisi Ukraina Qurolli kuchlarini shahar ko‘chalarida kutib olayotgan foto va videolar paydo bo‘lgan edi. Xersondagi politsiya shtab-kvartirasida harbiylar Ukraina bayrog”ini osib qo‘ygani tasvirlari ham chop etilgan.
Bundan tashqari, internetda Xerson viloyati ma’muriyati binosi oldida Ukraina bayroqlarini ko‘targan odamlarning surati paydo bo‘ldi.
Avvaliga na Ukraina rasmiylari, na Ukraina armiyasi Ukraina Qurolli kuchlari shaharga kirganini rasmiy ravishda e’lon qilmadi. Ammo Ukraina rasmiylari bunga “ishora”larni qoldirdi. Xususan, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegram-kanalida “11/11/2022” shaklidagi qisqa post joyladi.
Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari Xersonda ekanligini tasdiqladi va o‘z bayonotida rossiyalik harbiylarning chekinish yo‘llari Ukraina tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.
11-noyabr kuni ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi Xersondan chekinish haqida xabar berdi.
Xersonni tark etish to‘g‘risidagi qarorni 9-noyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishdagi qo‘mondoni general Sergey Surovikinning hisobotidan so‘ng e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda shaharni to‘liq ta’minlashning iloji yo‘q va qo‘shinlarning Dneprning o‘ngdan chap qirg‘og‘iga olib chiqilishi askarlarning hayotini saqlab qoladi.
Xerson Ukrainaga ochilgan urushning boshidan beri rus armiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan yagona mintaqaviy markaz edi va u mart oyining boshidan buyon (sakkiz oydan ko‘proq vaqt davomida) Rossiya nazoratida ostida qolgandi.