AQSHning sobiq prezidenti kichik Jorj Bush Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan onlayn tarzda birinchi ommaviy uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar berdi CNN kichik Jorj Bush institutiga tayanib.
“Amerikaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi muhimligini yana bir bor tasdiqlash maqsadida AQSH sobiq prezidenti Jorj Bush kelasi hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan jamoatchilik oldida muhokama o‘tkazadi”, — deyiladi xabarda.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, tadbir Dallas shahrida (Texas) bo‘lib o‘tadi. U tomoshabinlar uchun ochiq formatda o‘tkaziladi, Zelenskiy unda videoaloqa orqali ishtirok etadi.
“Bushning o‘zi AQSH Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi juda muhim, degan fikrda”, — ta’kidladi kichik Jorj Bush institutining global siyosat bo‘yicha boshqaruvchi direktori Devid Kramer.
Zelenskiy va Bush shu yilning may oyida videoaloqa orqali uchrashuv o‘tkazgandi. Bu siyosatchilarning birinchi muloqoti bo‘lgan, deya aniqlik kiritadi CNN. Shuningdek, Bush Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Zelenskiy bilan gaplashgan birinchi AQSH sobiq prezidenti bo‘ldi, deb yozgan Axios. O‘shanda ham u Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Zelenskiy, o‘z navbatida, Amerika sobiq prezidentini “zamonamizning Uinston Cherchilli” deb atagan va uni Ukrainaga taklif qilgan.
Kichik Jorj Bush Respublikachilar partiyasi vakili bo‘lib, CNN telekanalining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, partiya oraliq saylovlarda Kongressning har ikki palatasidagi umumiy o‘rinlar soni bo‘yicha demokratlar ustidan g‘alaba qozonmoqda. Vakillar palatasida hozircha respublikachilar 209 o‘rinni, demokratlar esa 192 o‘rinni egallab turibdi. Senatda o‘rinlar deyarli teng taqsimlangan – respublikachilar 49 o‘rin bilan demokratlardan bir o‘ringa oldinda. Saylovning yakuniy natijalari hali e’lon qilinmadi.