Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanida qurilishi boshlanish arafasida turgan yangi ko‘p qavatli uy-joy binosi bo‘yicha quruvchi-tadbirkor hamda ichki ishlar xodimi o‘rtasidagi bahsli holat yuzaga kelgani tasvirlangan video tarqaldi. Keyinchalik bino qurilishi mas’ullar tomonidan to‘xtatildi.
Mazkur manzilda tadbirkor hududni o‘rab olish ishlarini boshlagan vaqtida “Ko‘tarma” mahallasida faoliyat olib boruvchi Chilonzor tumani IIO FMB 1-son bo‘limi profilaktika katta inspektori kapitan Azimjon Qudaboyev vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda jarayonni o‘z vaqtida to‘xtatib qolgandi.
Chilonzor tuman hokimligining ma’lum qilishicha, Mahalla nozirining bu harakatlari tuman hokimligi, aholi hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Shu sababli 9-noyabr kuni Chilonzor tumani hokimi va sektor rahbarlari tomonidan ushbu xodimning o‘z kasbiga sadoqatli mehnati uchun minnatdorchilik bildirilgan va munosib taqdirlangan.
“Shu o‘rinda tumanimizda jamoat xavfsizligi, aholi osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga munosib hissasini qo‘shayotgan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatayotgan barcha xodimlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz”, — deyiladi xabarda.