O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Italiya elchisi Agostino Pinna bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 25-sentabr kuni Italiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari va yangi Italiya hukumatini shakllantirish jarayoni yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Savdo-iqtisodiy, sanoat hamkorligi va eksport kreditlari bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhining 7-yig‘ilishini yaqin kelajakda Toshkent shahrida tashkil etish yuzasidan fikr almashdi. Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston va Italiyada italyan hamda o‘zbek tili va madaniyatiga o‘zaro qiziqish kuchayib borayotganini yuqori baholadi.
Shu nuqtayi nazardan, 2023-yilda O‘zbekiston va Italiyaning yetakchi universitetlari rektorlarining yillik forumini tashkil etish, raqamli iqtisodiyot, muhandislik, sanoat dizayni, agrosanoat va turizm sohalarida mutaxassislarni birgalikda tayyorlash masalasini o‘rganishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kelgusi yilning birinchi yarmida Tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish sanalarini ishlab chiqish, shuningdek, yaqin kelajakda madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Izoh (0)