Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining sessiyasida ishtirok etdi. Unda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklif va rejalar bayon qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Davlat rahbari ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash bo‘yicha loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Ta’mirlash ishlari o‘quv yili boshlanishidan o‘tib ketmasligi haqida mutasaddilarni qattiq ogohlantirdi.
Olmaliq shahridagi 80-son maxsus maktab va Angren shahridagi 73-son maktab-internatni kelgusi yilda ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.
Xorijiy ekspertni jalb qilib, 15 ming talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universiteti faoliyatini keyingi o‘quv yilida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil yakuniga qadar 500 nafar og‘ir bemorlarni respublika markazlarida sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Viloyat markazida barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadigan yagona markaz yo‘qligi qayd etilib, mutasaddilarga xorijiy loyihachilarni jalb qilib, kelgusi yildan Nurafshon ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Izoh (0)