Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov 9-sentabr kuni hibsga olinib, oradan bir kun o‘tganidan so‘ng qo‘yib yuborilgani haqida xabar berilgan edi.
U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgandi. Go‘yoki Chilonzor tumanidagi 58 tup daraxtlarning kesilishiga ekolog ruxsat bergan emish.
Bu voqea jamoatchilik orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Sababi daraxtlar kesilishiga asosiy sababchilar — o‘sha hududda qurilish qilishga ruxsat berganlar chetda qolib, ekologlar bosh aybdor qilingani jamoatchilik vakillarini norozi qildi.
Bloger Nikita Makarenkoning yozishicha, mazkur holat Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov nazoratida bo‘lib, hozirda u mazkur masala bo‘yicha tartib o‘rnatmoqda.
Deputatlar bu borada nima deydi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu masalada quyidagicha fikr bildirdi:
“Daraxtkesarlarga qarshi kurashadigan organ rahbari hibsga olinishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ayniqsa, bu ekologiya tizimidagi xodimlarga shashtni so‘ndiradigan darajada qattiq zarba bo‘ldi. Xayriyatki, hammasi ortda qoldi. Ekologlar, ruhni cho‘ktirmaymiz!
Fursatdan foydalanib, vaziyatni xolis baholab, to‘g‘ri qaror qabul qilinishiga hissa qo‘shgan bosh prokurorimizga minnatdorlik bildiraman”, — deb yozgan deputat.
Izoh (0)