Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Deputat Rasul Kusherbayev u qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi.
Boshqarma boshlig‘i Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, 9-sentabr kuni hibsga olingandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining aytishicha, Farhod Dehqonov 10-sentabr kuni tunda qo‘yib yuborilib, oilasi bag‘riga qaytdi.
“Daraxtkesarlarga qarshi kurashadigan organ rahbari hibsga olinishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ayniqsa, bu ekologiya tizimidagi xodimlarga shashtni so‘ndiradigan darajada qattiq zarba bo‘ldi. Hayriyatki, hammasi ortda qoldi. Ekologlar, ruxni cho‘ktirmaymiz!
Fursatdan foydalanib, vaziyatni xolis baxolab, to‘g‘ri qaror qabul qilinishiga hissa qo‘shgan bosh prokurorimizga minnatdorlik bildiraman”, — deb yozgan deputat.
Izoh (0)