O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotida ilgari surgan tashabbuslar 54 taga yetdi. Bu haqda Prezident huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahromjon Sotiboldiyev ma’lum qildi.
Ekspertning aytishicha, o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston ko‘plab muhim tashabbuslarni ilgari surgan va bugunga qadar ularning jami soni 54 tani tashkil qiladi.
O‘zbekiston shu paytga qadar uch marta SHHTga raislik qilgan: 2005–2006, 2009–2010 va 2015–2016-yillarda. Mana shu davrlarda O‘zbekiston 54 ta tashabbusni ilgari surdi va ularning asosiy qismi amaliyotga joriy etildi. Masalan, SHHT doirasida mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkil etish mamlakatimizning taklifi va bu tuzilma Toshkent shahrida faoliyat olib bormoqda.
“Yana bir muhim tashabbus SHHTga yangi a’zolarni qabul qilish mexanizmini ishlab chiqish bo‘lgan. Shundan so‘ng Hindiston va Pokiston tashkilotga a’zo bo‘ldi, Eron ham SHHTning to‘laqonli a’zosiga aylanish arafasida.
Aytish kerakki, Hindiston va Pokistonning a’zoligi tashkilotga Janubiy Osiyo eshiklarini ochgan bo‘lsa, Eronning qo‘shilishi Yaqin sharq eshiklarini ochadi.
O‘zbekistonning 2017-yildan keyingi tashabbuslari nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilyapti”, — deb ta’kidladi ekspert.
Mavzuga doir: Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitidan nimalar kutilmoqda?
Izoh (0)