Bugun, 9-sentabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarni mahallalardagi xonadonlarga ijaraga qo‘yish kamayib ketganini aytib o‘tdi.
“Shaharda uylar kengaydi, uylar kattalashdi insonlarning bag‘ri toraydi. Avval mahallalardagi har bir xonadonda ikkita-uchta talaba yashardi. Individual hayot tarziga moslashib ketdik. Qancha-qancha davlat va jamoat arboblari bilan suhbat qilsak, Toshkentda ijarada turgani, uning arbob bo‘lishiga, olim bo‘lib yetishishida o‘sha ijarada turgan xonadonning tarbiyasi asosiy sababchi bo‘lganini aytadi. Lekin, ming afsus, bugun odamlarning 20 xonali uyi bo‘lishi mumkin, uyi huvullab yotibdi, u yerga 4 nafar talabani joylashtirishni o‘ylab ko‘radi. Ko‘proq qizlarni ijaraga qo‘yamiz deb e’lon berishadi. To‘g‘ri, qizlar ozoda yashaydi, muammosi kam. Lekin o‘g‘il bolalarni ham ijaraga qo‘yib, ularni tarbiyalash kerak. Shu omillar ham yotoqxonalarga bosim ortishiga sabab bo‘ldi”, — dedi oliy ta’lim vaziri.
Uning qo‘shicha qilishicha, oliy ta’lim muassasasi atrofida joylashgan mahallalardagi xonadonlar talabalarni ijaraga joylashtirsa, mahalla bolalari uchun stadionlar ochib qo‘yiladi, qo‘shimcha bepul to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq matbuot anjumanida vazir jurnalistning talaba qizlar ro‘mol o‘rashi bo‘yicha bergan savoliga javob bermagandi.