Samarqand viloyatining Samarqand tumanidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga yog‘li moddalar oqizib kelingani haqida xabar berilgandi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati o‘rganish natijalarini e’lon qildi.
Aniqlanishicha, Samarqand tumanining “Andijon” MFYda joylashgan “Nurshod Universal Savdo” MCHJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketishi natijasida 1 tonna neft mahsulotlari joy relyefiga to‘plangani va polietilen truba yordamida Darg‘om kanaliga oqizilib, suvni va joy relyefini ifloslantirgan.
Shuningdek, korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni o‘lchanganda 86,4 metr kub ekani ma’lum bo‘lgan.
Ishchi guruh tomonidan holat bartaraf etilib, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi qaroriga asosan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 204 401 864 so‘mni tashkil etgan.
O‘rganishlar davomida hozirgi kunda korxonaning xavflilik darajasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi qaroriga asosan 1-toifaga mansub ekanligi va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borgani aniqlangan.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llangan.
Ayni paytda korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanmoqda.