Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi kiyinish xonasiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgani va bundan ota-onalar norozi ekani haqidagi xabarlar tarqaldi. XTV holat yuzasidan tushuntirish berdi.
Unda aytilishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar xalq ta’limi ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatan maktab ma’muriyati o‘quvchilar kiyinish xonasiga videokuzatuv kamerasi o‘rnatgani aniqlangan.
Garchi bu etika va axloq qoidalariga zid bo‘lsa-da, ushbu holatni maktab direktori U.Rashidova keyingi paytlarda o‘quvchilar o‘rtasida o‘g‘irlik va shunga o‘xshash holatlarning oldini olish, ular o‘rtasida tartib-intizom o‘rnatish, nazoratni kuchaytirish hamda o‘quvchilar hushyorligini oshirish maqsadida Ota-onalar kuzatuv kengashi taklifiga ko‘ra, kamera o‘rnatishga majbur bo‘lgani bilan izohlagan.
“Jumladan, o‘quvchilar jismoniy tarbiya darsi mashg‘ulotlariga chiqqan mahalida bir necha marotaba mobil telefon, taqinchoqlar, pullar yo‘qolgan. Bu kabi noxush holatlar bo‘yicha bir necha marotaba ichki ishlar idoralari vakillari, ota-onalar ishtirokida bayonnomalar tuzilgan. Bu kamera orqali faqat yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holat sababchilarini aniqlash ko‘zda tutilgan, xolos. Unda kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmagan, videokuzatuv faqat direktor xonasida o‘rnatilgan ‘pult’ orqali amalga oshirilgan. Nafaqat kiyinish xonasidagi, balki ta’lim muassasasidagi mavjud 250 ta videokuzatuv kameralari faqatgina maktab direktori nazoratida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan”, — deyiladi XTV xabarida.
8-sentabr kuni maktab ma’muriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.