Farg‘ona viloyatida noqonuniy olib kirilgan bir necha turdagi tovarlar fosh etildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor “YAMA” tadbiri o‘tkazilgan. Jarayon davomida Farg‘ona tumanida harakatlanayotgan fuqaro Yu.Ya. boshqaruvidagi “Porter” avtotransport vositasi kuzatuvga olinib, tuman hududidagi xonadonlarning biriga kirgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatilgan.
Shundan so‘ng mazkur avtotransport vositasi va xonadon ko‘zdan kechirildi. Natijada xonadon hovlisida va avtotransport vositasi yukxonasining tag qismiga maxsus yasalgan joyga berkitilgan, noqonuniy olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 66,8 million so‘mlik 3 turdagi tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.