Toshkent viloyati Qibray tumanida xolasining uyidan qimmatbaho buyumlar hamda naqd pul mablag‘larini o‘g‘irlab ketgan shaxs ushlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, 27-avgust kunidan 2-sentabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida T.G. (57 yoshli)ning Qibray tumani Archazor 5-tor ko‘chasida joylashgan uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. Xonadon mehmonxonasidan jami bahosi 120 million so‘mlik bir dona ayollar zanjiri, bir dona ayollar bilak uzugi, 2 dona ayollar brilliant ziragi, 1 dona ko‘k ko‘zli ayollar ziragi, 1 dona ayollar bilak uzugi, 3 dona ayollar tilla uzugi, 8 million 412 ming so‘m miqdoridagi naqd pul va 3250 dollar miqdoridagi pullarni o‘g‘irlab, hodisa sodir bo‘lgan joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni jabrlanuvchining jiyani M.M. (30 yoshli) sodir etgani aniqlanib, u protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi doirasida M.M. so‘roq qilinib, undan nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l o‘rgani, o‘g‘irlangan buyumlar va pullarning taqdiri haqida so‘ralgan. U katta miqdorda qarzi borligi va qarzidan qutilish maqsadida xolasining uyidan tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab, ularni Toshkent shahrida joylashgan Oloy bozorida 4800 dollarga sotib yuborganini bildirgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.