Ijtimoiy tarmoqlarda “Oltinko‘l tumani 1-umumta’lim maktabida o‘quvchilar dars o‘rniga o‘t yulmoqda” sarlavhasi ostidagi xabarlar tarqaldi. Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Aniqlanishicha, holat 8-sentabr kuni Oltinko‘l tumani 1-sonli umumta’lim maktabining qo‘shimcha filialida birinchi smenadagi 7-“G” sinfida uchinchi soat — texnologiya fani darsidan so‘ng to‘rtinchi soat oralig‘idagi tanaffus vaqtida yuz bergan. Unda maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi J.X. o‘quvchilarni o‘z ixtiyori bilan jalb etgan.
O‘rganish davomida o‘sha vaqtda maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.A. tanaffus payti ekani hamda o‘quvchilarni ixtiyoriy ravishda bo‘lsa ham obodonlashtirish ishlariga jalb etmaslik lozim ekanini aytib, o‘quvchilarni darsga tayyorgarlik ko‘rishga kirgizib yuborgan.
Ushbu holat maktab direktori B.A.ning tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bo‘lgani sababli xabari bo‘lmagan, biroq holatdan keyinroq xabardor qilingan.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha o‘quvchilarni qisqa fursatda bo‘lsa ham obodonlashtirish ishlariga jalb etgan maktab o‘qituvchilari J.X. hamda umumta’lim maktablari imijiga ta’sir qiluvchi vaziyatni yuzaga keltirilgani sababli maktab direktori B.A.ga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.