Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev 7-sentabr kuni O‘zbekistonga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikka tayanib Dunyo axborot agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Turkmaniston prezidentining joriy yil iyul oyida O‘zbekistonga davlat tashrifidan so‘ng yangi dinamikaga ega bo‘lgan ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi ta’kidlangan.
2021-yilda tovar aylanmasi 67 foizga o‘sib, 902 million dollarga yetgani qayd etilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich yana 9 foizga oshib, 486 million dollarni tashkil etgan. O‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2022—2025-yillarga mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishni nazarda tutgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Tomonlar, shuningdek, joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Turkmaniston qo‘shma komissiyasining navbatdagi 17-yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqqan.
Ko‘zlangan aniq istiqbollar kesimida tomonlar delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibda hamkorlikni batafsil muhokama qilgan. Ushbu muloqotga ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari taklif qilingan.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish uchun zarur chora-tadbirlar majmuini qabul qilishga o‘zaro tayyor ekanini bildirgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkmaniston kapitali asosida tashkil topgan 173 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 69 tasi qo‘shma va 104 tasi yuz foiz xorijiy kapitalga ega korxona hisoblanadi.
Ikki mamlakat hududida tayyor to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qo‘shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari, yengil avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga, shuningdek, Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni birgalikda yo‘lga qo‘yishga o‘zaro qiziqish bildirilgan.
Transport va logistika aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, bunda ikkala davlat hududida yuk tranzitini rag‘batlantirish choralari, shuningdek, dengiz portlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab yuk tashishlarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish maqsadida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha munosabatlarni davom ettirishga sodiqlik bildirilgan.