Toshkent shahri hokimligida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, sektor rahbarlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda keltirilishicha, shaharda bir haftada 10 ming o‘rinli qo‘shimcha yotoq joy yaratiladi.
Yig‘ilishda bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib turgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ular uchun yotoq o‘rinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Dastlab Toshkent shahri hokimi so‘z olib, poytaxt azal-azaldan ilm-ma’rifat markazi bo‘lgani, u talabalar bilan doim gavjum va fayzli ekanini inobatga olib, bugungi kunda yuzaga kelayotgan ushbu masalani hamjihatlikda tezkorlik bilan yechish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Toshkent moliya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat pedagogika, Toshkent davlat texnika, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar va O‘zbekiston milliy universitetlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorlari yotoqxonalarda mavjud o‘rin joy, ularda talabalarning joylashtirilganlik holati hamda yana qancha joyga ehtiyoj borligi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, ayni paytda Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35 636 o‘rinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27 354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirildi. Ishlar jadallik bilan davom etmoqda.
Bundan tashqari, 2022-yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30 956 o‘rinli 60 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda vazirlik mas’ullari tomonidan ko‘rilayotgan bu kabi choralar yetarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligi ta’kidlanib, qator takliflar o‘rtaga tashlandi.
Shundan so‘ng Ortiqxo‘jayev poytaxtning Yangihayot tumanida bunyod etilgan Tashkent Indeks savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi. Yig‘ilish so‘ngida oliy ta’lim muassasalari mas’ullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish vazifasi berildi.