Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Fotima Pardayevaning homilasi Shahrisabz shahri tug‘uruq bo‘limi xodimlari aybi bilan nobud bo‘lgani aytilgan videomurojaat e’lon qilingandi. Mazkur murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro tibbiyot birlashmasi tug‘uruqxona qabul bo‘limiga bel va qorin sohasida og‘riq, suv ketish shikoyatlari bilan 2022-yil 15-iyun kuni soat 00:14 da murojaat qilgan. Shu kuni bo‘lim boshlig‘i va tug‘uruq zali shifokorlari ko‘ruvi o‘tkazilgan. Ayol konsilium natijasiga ko‘ra patologiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Shuningdek, unda terapevt va bo‘lim boshlig‘i tomonidan tavsiya qilingan muolajalar amalga oshirilgan.
17-iyun kuni soat 05:00 da patologiya bo‘limidan ayol dard og‘riqlarining boshlanishi bilan tug‘uruq bo‘limiga o‘tkazilgan. Tashxis — homiladorlik-3, tug‘ish-2, tug‘uruqning 1-davri, qog‘onoq pardani tug‘uruqdan oldin erta yorilishi, kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi.
Soat 07:40 da vazni 2800 gramm, bo‘yi 48 santimetrli o‘g‘il jinsli chaqaloq tug‘ilgan. Tashxis — muddatdan oldingi tug‘uruq, asfiksiya og‘ir darajasi, nafas yetishmovchiligi 3-darajasi. Ko‘rilgan reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan, 07:45 da chaqaloqda biologik o‘lim kuzatilgan. Mazkur holat haqida o‘z vaqtida huquqni muhofaza qilish idoralariga xabar berilgan. Sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, F.Pardayeva tomonidan tug‘uruqlar oralig‘idagi me’yoriy 3 yillik intervalga rioya qilinmagan. 2019-yildan buyon unda 3 marotaba tug‘uruq qayd etilgan. Homiladorlik bo‘yicha o‘zi yashaydigan Shahrisabz tumanidagi oilaviy poliklinikada o‘z vaqtida hisobga olingan. O‘rganish ishlari davom etmoqda.