Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari shu kunlarda mamlakatlarda keng nishonlanayotgan mustaqillik bayramlari munosabati bilan bir-birini qutlab, xalqlarga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
O‘zbekiston—Qirg‘iziston do‘stlik, qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 30 foizga oshgan. Faol hududlararo almashinuvlar davom etmoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, transport aloqalari kengaymoqda. Muhim madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Suhbat chog‘ida Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil sentabr oyida o‘tkazishga kelishib olingan.
Transport va energetika sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan “Qambarota-1” GESini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash hamda SHHTning bo‘lajak Samarqand sammiti kun tartibini muhokama qilgan.
Izoh (0)