Ijtimoiy tarmoqlarda “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi xodimlari oylik berilmayotgani sababli ish tashlayotgani aytilgan xabar tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videorolikda korxona xodimlari navbatdagi smenaga ishga ketayotgani tasvirlangani aniqlangan. Unda oylik ish haqi ushlab qolingani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bugungi kunga qadar korxonada 4300 nafarga yaqin ishchilariga 2022-yilning iyun oyi uchun ish haqi to‘liq to‘lab berilgan. Iyul oyi uchun esa ish haqini to‘liq to‘lab berish 2022-yil 31-avgustda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan yangi temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari jadallik bilan davom ettirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)