Germaniyada elektr energiyasi va iste’mol tovarlari narxlarining sezilarli darajada oshishi qashshoqlikda yashovchi bolalar sonining ko‘payishiga olib keladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Bolalar qashshoqligining tarqalish xavfi yuqori. Isitish, transport va oziq-ovqat narxlarining oshishi ayniqsa, oila budjetiga katta zarba berdi, — deydi Germaniyaning Oila, keksalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash vaziri Liza Paus.
Pausning so‘zlariga ko‘ra, energiya inqirozi sharoitida hukumat aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha allaqachon qo‘llanilgan chora-tadbirlar paketini kengaytirishi kerak.
Unga ko‘ra, samarali yechim — Germaniyadagi barcha oilalarga tegishli bo‘lgan bolalar nafaqalari miqdorini zudlik bilan oshirishdir.
Avgust oyida Germaniya Federal Statistika boshqarmasi energiya narxining oshishi yana yuqori inflyatsiyaning asosiy sababi bo‘lganini ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida iste’mol narxlari o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 7,5 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari esa 14,8 foizga oshgan.
Bundan tashqari, Germaniya koronavirus pandemiyasining global oqibatlarini, xususan, keng turdagi tovarlarni yetkazib berish zanjirlarining uzilishini boshdan kechirmoqda, bu ham inflyatsiyaning tezlashishiga yordam beradi.
Avvalroq Rossiya ta’minotni to‘xtatsa, Germaniyadagi gaz zahirasi 3 oyga ham yetmasligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)