Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro A.I. Ko‘chkak qishlog‘i hududidan aholiga dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan 16 sotix yer maydonini fuqaro A.ga 105 million so‘mga sotishga kelishib, yer maydoni hujjatlarini tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilib, oldindan 10 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlangan.
Departamentning Baxmal tumani bo‘limi tomonidan viloyat DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro N.B. tuman hududida dam olish maskani qurish uchun ajratilgan 60 sotix yer maydonining 20 sotixini boshqa bir fuqaro F.ga firibgarlik yo‘li bilan 12 000 dollarga sotishga kelishib, shundan 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.