Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining qisman tan olingan Tayvanga shov-shuvli tashrifidan keyin, uning Osiyo safari doirasida Janubiy Koreyaga kelishi umid qilinganidek darajada e’tiborga loyiq bo‘lmadi, deb yozadi “RBK”.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

4-avgust kuni ertalab Associated Press Pelosining Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qurolsizlantirilgan hududga tashrif buyurish rejasi haqida xabar berdi. U 1953-yilda Koreya urushiga nuqta qo‘ygan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitim imzolangan Pxanmunjom qishlog‘iga borishi kerak edi. Ammo OAVlarda siyosatchining Pxanmunjomdagi suratlari ham, uning amerikalik harbiylar qarshisida so‘zlagan nutqidan iqtiboslar ham paydo bo‘lmadi.

O‘z Twitter-akkauntiga Osiyo safarining borishi haqida muntazam postlar qo‘yib borayotgan Pelosining o‘zi ham bu voqealarni chetlab o‘tdi. Bu AQSH Vakillar palatasi spikerining 20 yil ichida Janubiy Koreyaga birinchi tashrifi ekani ham e’tibordan chetda qoldi. Amerika prezidenti Jo Bayden esa Seulga 2022-yil mayida kelgan edi.

Tashrifning eng ko‘p muhokama qilingan voqeasi Pelosining Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol tomonidan qabul qilinmagani bo‘ldi. U AQSH Vakillar palatasi spikeri bilan uning Osiyo safari doirasida yuzma-yuz uchrashishdan bosh tortgan birinchi yetakchidir. Bungacha uni Singapur bosh vaziri Li Syanlun, Malayziya bosh vaziri Ismail Sabri Yaakob va Tayvan prezidenti Say Inven qabul qilgan edi.

Pelosi Janubiy Koreya rahbari bilan uchrashmaganligining rasmiy sababi sifatida grafiklarning mos kelmaganligi aytildi — uning tashrifi belgilangan sanaga prezidentning ta’tili to‘g‘ri kelib qoldi.

Ammo Yun Sok Yol Pelosi tashrif buyurgan kuni Seulda bo‘lgan va u bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo 40 daqiqalik telefon suhbati bilan cheklanishga qaror qilgan. Mahalliy OAVlar yozishicha, janubiy koreyalik yuqori mansabli amaldorlardan hech biri Pelosini uchib kelgan vaqtda qarshi olmagan, ammo aeroportga faxriy qorovul jo‘natilgan. Maxsus bort trapi yonida uni AQSHning Janubiy Koreyadagi elchisi Filip Goldberg va AQSHning mamlakatdagi qurolli kuchlari qo‘mondoni Pol Lakamera kutib olgan.

The Chosun Ilbo manbalariga tayanib yozishicha, ushbu vaziyatni Amerika tomoni protokollarga rioya qilmaslik deb baholadi, elchixonada ham norozilikka sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, Pelosi kelib qo‘ngan paytda mamlakat prezidenti spektakl tomosha qilayotgan bo‘lgan. Natijada Pelosi faqat respublika Milliy majlisi spikeri Kim Jin-Pyo bilan muzokaralar o‘tkazgan. Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Yun Byonse bu vaqtda Kambodjada ASEAN rahbarlari uchrashuvida bo‘lgan.

Asia Times ma’lumotlariga ko‘ra, Pelosining bunday sovuq kutib olinishiga Janubiy Koreya uning Xitoy tarafidan tanqidga uchragan Tayvanga tashrifidan keyingi birinchi bekat bo‘lgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, hozir Janubiy Koreya prezidentining Pelosi bilan yuzma-yuz uchrashuvi uchun juda noqulay vaqt, chunki bu Pekinni provokatsiya qilishi mumkin.

AQSHga qaytganidan keyin ham Pelosi sovuq munosabatga uchrashi mumkin. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy siyosatchi Tayvanga borish-bormaslik haqida mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega, deb bayonot berganiga qaramasdan, Bayden ma’muriyati mansabdorlari Vakillar palatasi spikeri, Pekin bilan munosabatlardagi juda nozik lahzaga qaramasdan, bu tashrifni o‘z karyerasining muhim bosqichiga aylantirishga qaror qilganidan g‘azabga kelgan.

2-avgust kuni Tayvanga AQSH vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Osiyo turnesi doirasida yetib keldi; tashrif Xitoy rahbariyati tomonidan keskin tanqidga sabab bo‘ldi, uni provokatsiya deb atashdi. Oq uy esa Pelosining tashrifi AQSHning Xitoyga nisbatan siyosatida qandaydir o‘zgarish bo‘lganini anglatmasligiga ishontirdi.

O‘zining Osiyo turnesi haqida e’lon qilayotib, Pelosi Tayvanni manzillardan biri sifatida tilga olmagan edi. Orolga kelganidan keyin Pelosi bu yerga tashrifidan maqsad “yorqin va dinamik” demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va AQSHning Tayvanni qo‘llab-quvvatlash niyatini tasdiqlash bo‘lganini aytdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
YCHL. “Bavariya” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi, “Marsel” 5 ta gol urilgan o‘yinda “Sporting” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 4-oktabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Belgorod shahri osmonida noma’lum uchqun paydo bo‘ldi (video)