Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

AQSH Kobulda “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilgani haqida xabar berilgandi. “Daryo” quyida BBC Uzbek’ning Zavohiriy hayotiga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini taqdim etadi.

Foto: WFLA

Foto: WFLA

Misrlik, Al-Azhar bosh imomining nabirasi, professorning o‘g‘li, ko‘z jarrohi, “Islom jihodi” asoschilaridan biri, Usama bin Ladenning o‘ng qo‘li. “Al-Qoida”ning oliy rahbari kim edi?

Afg‘onistonda AQSH droni hujumi oqibatida halok bo‘lgan Ayman al-Zavahiriy ko‘pincha “al-Qoida”ning asosiy mafkurachisi sifatida ko‘riladi. Misrdagi “Islom jihodi” harbiylashgan guruhini tashkil etishda yordam bergan va asl kasbi ko‘z jarrohi bo‘lgan Zavohiriy 2011-yil may oyida Usama bin Lodenning AQSH kuchlari tomonidan o‘ldirilishi ortidan “Al-Qoida”ga oliy rahbar bo‘lgan edi.

Bungacha Zavohiriy bin Lodenning o‘ng qo‘li hisoblangan va, ba’zi ekspertlarga ko‘ra, 2001-yil 11-sentabrda AQSHda sodir etilgan hujumlarning “operativ miyasi” bo‘lgan.

U 2001-yilda AQSH hukumatining 22 ta “Qattiq qidirilayotgan terrorchilar” ro‘yxatida Lodendan keyin ikkinchi bo‘lib, uning boshiga 25 million dollar mukofot qo‘yilgan edi.

Hujumlardan bir necha yil o‘tib, bu guruh butun dunyo bo‘ylab musulmonlarni radikallashtirish va yollashga urinayotgan bir vaqtda Zavohiriy “Al-Qoida”ning eng ko‘zga ko‘ringan shaxsiga aylandi, u 2007-yilda 16 ta video va audioyozuvda ko‘rinish bergan, bu Lodenning chiqishlaridan to‘rt marta ko‘p.

Uning o‘tgan hafta oxiridagi hujumda Kobulda o‘ldirilishi AQSHning Zavohiriyni birinchi marta nishonga olishi emasdi. 2006-yilning yanvarida u Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida AQSH raketa zarbasi nishoni bo‘lgan.

Hujum “Al-Qoida”ning to‘rt nafar a’zosini o‘ldirgan, biroq Zavohiriy omon qolgan va ikki hafta o‘tib videoda paydo bo‘lgan. AQSH prezidenti Jorj Bushni ogohlantirib, u ham, dunyodagi butun boshqa kuchlar ham uni o‘limga bir soniya ham yaqinlashtira olmasligini aytgan edi.

Hurmatli oila

Zavohiriy 1951-yilning 19-iyunida Misrning Qohira shahrida o‘rta sinf tabib va olimlarning obro‘li oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi Robiya az-Zavohiriy Yaqin Sharqdagi sunniy islomiy ilm markazi hisoblangan Al-Azharning bosh imomi, amakilaridan biri Arab Ligasining birinchi bosh kotibi bo‘lgan.

Zavohiriy maktabda siyosiy islomga aralashib qolgan va 15 yoshida Misrdagi eng qadimgi va eng yirik islomiy tashkilot bo‘lgan, taqiqlangan “Musulmon birodarlar”ga a’zolikda ayblanib hibsga olingan. Biroq uning siyosiy faoliyati unga Qohira universiteti tibbiyot maktabini 1974-yilda tamomlashiga to‘sqinlik qilmadi va to‘rt yildan so‘ng jarrohlik magistri darajasini oldi. 1995-yilda vafot etgan otasi Muhammad shu maktabda farmakologiya professori edi.

Radikal yoshlar

Avvaliga Zavohiriy Qohira chekkasida tibbiy klinika qurib, oilaviy an’anani davom ettirdi, biroq tez orada Misr hukumatini ag‘darib tashlashga chaqiruvchi radikal islomiy guruhlarga qo‘shilib ketdi. 1973-yilda Misr Islomiy Jihodi tashkil etilganida unga qo‘shildi.

1981-yilda Qohirada harbiy parad paytida prezident Anvar Sadat o‘ldirilganidan so‘ng u guruhning yuzlab gumonlanuvchilari bilan birga hibsga olingan. Sadat Isroil bilan tinchlik bitimini imzolashi va o‘zining yuzlab tanqidchilarini hibsga olishi bilan islomiy faollarni g‘azablantirdi.

Ommaviy sud jarayonida Zavohiriy sudlanuvchilarning yetakchisi sifatida maydonga chiqdi va sudda “Biz dinimizni qattiq tutgan musulmonmiz. Biz islomiy davlat va islomiy jamiyat yaratishga harakat qilmoqdamiz”, — dedi.

U Sadatning qotilligida ayblovdan oqlangan bo‘lsa-da, noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topilib, uch yillik qamoq jazosini o‘tagan. Boshqa islomchi mahbuslarga ko‘ra, Zavohiriy Misr qamoqxonasida bo‘lganida rasmiylar tomonidan muntazam ravishda qiynoqqa solingan va kaltaklangan, bu esa uni yanada mutaassib va zo‘ravon ekstremistga aylantirgani aytiladi.

1985-yilda ozodlikka chiqqach, Zavohiriy Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, u Pokistonning Peshovar shahriga, so‘ngra qo‘shni Afg‘onistonga yo‘l oldi va shifokor bo‘lib ishlagan vaqtida “Misr Islom jihodi” guruhini tuzdi.

Zavohiriy 1993-yilda qayta tiklangandan keyin “Misr Islom jihodi”ga rahbarlik qilgan va guruhning Misr hukumati vazirlariga, jumladan, bosh vazir Atif Sidqiyga qilingan hujumlar ortida turgan asosiy shaxs edi.

Guruhning 1990-yillar o‘rtalarida hukumatni ag‘darib, mamlakatda islomiy davlat barpo etishga qaratilgan kampaniyasi 1200 dan ortiq misrlikning o‘limiga sabab bo‘lgan. 1997-yilda AQSH Davlat departamenti uni o‘sha yili Luksorda xorijlik sayyohlar qirg‘ini ortida turgan “Islomiy jihod” guruhi “Fath avangardlari”ning yetakchisi deb e’lon qildi. Ikki yil o‘tgach, u Misr harbiy sudi tomonidan guruhning ko‘plab hujumlarida ishtirok etgani uchun sirtdan o‘limga hukm qilindi.

G‘arbdagi nishonlar

Zavohiriy 1990-yillarda boshpana va moliya manbalarini izlab, dunyo bo‘ylab sayohat qilgani ishoniladi. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan keyingi yillarda u Bolgariya, Daniya va Shveysariyada yashab, vaqti-vaqti bilan Bolqon, Avstriya, Yaman, Iroq, Eron va Filippinga safar qilish uchun qalbaki pasportdan foydalangan.

1996-yil dekabr oyida u Chechenistonda amaldagi vizasiz qo‘lga olinib, olti oyni Rossiya hibsxonasida o‘tkazgan. Zavohiriy tomonidan yozilgan xabarga ko‘ra, Rossiya rasmiylari uning kompyuterida topilgan arabcha matnlarni tarjima qila olmagan va u o‘z shaxsini sir saqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Taxminlarga ko‘ra, 1997-yilda Zavohiriy Usama bin Loden yashayotgan Afg‘onistonning Jalolobod shahriga ko‘chib o‘tgan. Bir yil o‘tib, “Misr Islom jihodi” yahudiylar va salibchilarga qarshi Butunjahon Islomiy Jihod Jabhasini tuzish uchun yana besh radikal islomiy yarim harbiylashgan guruhlarga, jumladan bin Lodenning “Al-Qoida”siga qo‘shilgan.

Jabhaning birinchi deklaratsiyasida AQSH tinch fuqarolarini o‘ldirishga ruxsat beruvchi fatvo bitilgan. Olti oy o‘tgach, bir vaqtning o‘zida ikkita hujum AQSHning Keniya va Tanzaniyadagi elchixonalarini vayron qildi, 223 kishi halok bo‘ldi.

Zavohiriyning sun’iy yo‘ldosh telefon suhbatlari fitna ortida bin Loden va “Al-Qoida” turganiga dalil bo‘lgandi. Hujumlardan ikki hafta o‘tgach, AQSH Afg‘onistondagi guruhning o‘quv lagerlarini bombardimon qildi.

Ertasi kuni Zavohiriy pokistonlik jurnalistga qo‘ng‘iroq qilib, shunday dedi: “Amerikaga aytingki, uning portlashlari, tahdidlari va bosqinchilik harakatlari bizni qo‘rqitmaydi. Urush endi boshlandi”.

Bin Loden o‘limidan keyingi yillarda AQSH havo hujumlari Zavohiriyning bir qancha o‘rinbosarlarini o‘ldirib, uning global miqyosda muvofiqlashtirish qobiliyatini zaiflashtirdi. So‘nggi yillarda esa Zavohiriy olis va marginal shaxsga aylandi, faqat vaqti-vaqti bilan xabarlar tarqatardi.

Qo‘shma Shtatlar uning o‘limini g‘alaba deb e’lon qildi, ayniqsa, 2021-yili Afg‘onistondan tartibsiz ravishda olib chiqib ketilganidan keyin, biroq Zavohiriyning ta’siri “Islomiy davlat” kabi yangi guruhlar va harakatlar kuchaygandan keyin kamaydi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Putin rasmiy qarorgohida zinadan yiqilib tushgani aytilmoqda
Mahalliy
“Mashina minishni qimmatlashtirish kerak”. Doniyor G‘aniyev tirbandliklarni kamaytirish, aholini jamoat transportiga o‘rgatish uchun nimalar qilish zarurligi haqid...
Madaniyat
“Uyda yolg‘iz” filmi yulduzi shapkasi yonayotgan sahnani suratga olish paytida boshi kuyib qolgani haqida gapirdi