Samolyot 9-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:30 da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Kuala-Lumpur—Toshkent—Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha ilk yo‘lovchi parvozini amalga oshirgan samolyot an’anaga ko‘ra, suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.
Malaysia Airlines aviakompaniyasining Kuala-Lumpurdan Toshkentga A330-200 samolyotida amalga oshirgan birinchi charter reysida 92 nafar yo‘lovchi, jumladan, Malayziya milliy aviatashuvchisi rahbariyati ham yetib keldi. Terminalda yo‘lovchilar qizil gilamda karnay va surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi.
Kuala-Lumpurdan parvoz Malayziyaning Malaysia Airlines milliy aviakompaniyasi va O‘zbekistonning “Osmon Aero” turoperatori o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirildi.
Kuala-Lumpur—Toshkent—Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar har 10 kunda charter asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar Malayziya va O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari va ziyorat turizmi jozibadorligini oshiradi.
Izoh (0)