Ozarbayjon Qoraqalpog‘istonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyxun Bayramov 6-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda ma’lum qildi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, Jeyxun Bayramov Qoraqalpog‘istonda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni Ozarbayjon to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi har qanday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi qayd etildi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishga tomonlarning tayyorligi tasdiqlandi.
Vazirlar kelgusi tadbirlar jadvali, shu jumladan Toshkent shahrida O‘zbekiston—Ozarbayjon—Turkiya shaklidagi uch tomonlama uchrashuv tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.
Mavzuga doir:
- Eron O‘zbekistonning tinchlikni saqlash borasidagi harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi
- Vladimir Norov Yevropa komissiyasi vitse-prezidentiga Qoraqalpog‘istondagi mavjud vaziyat haqida ma’lumot berdi
- Turkiya O‘zbekistonning Qoraqalpog‘istondagi tinchlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi