Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 5-iyul kuni Tico va “VAZ-2106” ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, holat shu kuni soat taxminan 15:00-16:00 lar atrofida Uchko‘prik tumani Sariqo‘rg‘on qishlog‘i hududidan o‘tuvchi Marg‘ilon—Rishton—O‘qchi—Konibodom avtomobil yo‘lining 60-kilometrida sodir bo‘lgan. Tico avtomashinasi haydovchisi (1987-yilda tug‘ilgan) R.I. qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi (1980-yilda tug‘ilgan) O.O. boshqaruvidagi “VAZ-2106” avtomashinasi bilan to‘qnashgan.YTH oqibatida Tico mashinasi haydovchisi og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida halok bo‘lgan. Ushbu avtomashina yo‘lovchisi Furqat tumanida yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan U.N. bosh miya yopiq shikasti tashxisi bilan, “VAZ-2106” haydovchisi O.O. esa o‘ng oyoq qismining yopiq sinishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, Tico haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi Furqat tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bo‘lgan. Ularning ikki nafari og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga olib ketilgani aytilmoqda.
Baxtsiz hodisa munosabati bilan Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi vafot etgan xodimining yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa oqibatida turli darajada tan jarohati olgan soliq inspeksiyasi xodimlari N.O‘. Qo‘qon shahar markaziy shifoxonasida, X.E. esa Uchko‘prik tumani markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.