O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 6-iyul kuni AQSHda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, muloqotda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi.
Bosh kotib O‘zbekistonning 2022-yil 26-iyul kuni Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Mazkur forumda BMTdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etadi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarni katta qiziqish bilan tingladi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.