Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanida bir guruh fuqarolar fastfuddan zaharlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘rg‘ontepa tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 60 ga yaqin bemor olib kelingani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shifoxonaga keltirilgan bemorlarning soni asli 10 nafarni tashkil etadi. Ular bilan birga taomlangan 17 nafar yaqinlari va oila a’zolari ham shifoxona xodimlari tomonidan kuzatuv uchun olib kelinib, nazorat qilinmoqda, ularning barchasi o‘zini yaxshi his etmoqda.
Barcha bemorlar Fresh food nomli fastfud taomlari markazi mahsulotlarini iste’mol qilgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman rahbariyati alohida faoliyat boshlagan. Tuman prokuraturasi esa, tegishli tartibda surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologiya xizmati ham bayonot berib, Fresh food oilaviy korxonasiga qarashli 3 ta shoxobcha faoliyati shu kuning o‘zida vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu shoxobchalarda epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mahsulotlar tayyorlash xonasi hamda omborxonadagi mahsulotlardan namunalar olinib, Qo‘rg‘ontepa tuman Sanepidxizmat laboratoriyasiga tekshirish uchun yuborildi.
Sanitariya epidemiologiya xizmati xabariga ko‘ra, 6-iyul kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jami 37 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, ularning 17 nafari davolanmoqda, qolgan 20 nafari umumiy holatiga ko‘ra tibbiy kuzatuvga olingan.