Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov 2022-yil 1-iyul kuni Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Jahongir Alamni qabul qildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston—Bangladesh hamkorligining bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston va Bangladeshning BMT va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Bangladesh tomoni bilan to‘qimachilik sohasida hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilingan. Xususan, Bangladesh yirik kompaniyalarining O‘zbekistonda, jumladan, ixtisoslashtirilgan erkin iqtisodiy zonalar hududida to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishda ishtirok etishi, tayyor mahsulot ishlab chiqarishi bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari, savdo-sanoat palatalari, to‘qimachilik uyushmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan.
Tomonlar O‘zbekiston—Bangladesh ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisini yaqin vaqt ichida o‘tkazish masalasini o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Izoh (0)