Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ma nuqsonli chaqaloq dunyoga kelgani aytilgan videolavha tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, chaqaloq viloyatning Do‘stlik tumanida dunyoga kelgan. 4-iyun kuni soat 04:00 larda fuqaro X. T. (1994-yilda tug‘ilgan) tuman markaziy shifoxonasining tug‘uruq bo‘limiga homiladorlik bilan murojaat qilgan. Shu kuni soat 06:10 da ko‘p nuqsonli chaqaloq, tug‘ma ixtioz og‘ir darajasi tashxisi bilan og‘irligi 2800 gramm, bo‘yi 47 santimetr bo‘lgan, muddatiga yetgan o‘g‘il jinsli nogiron chaqaloq dunyoga kelgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion tibbiy muolajalarga qaramasdan, hayotga zid qo‘shma asoratlar bilan tug‘ilgan go‘dak shu kuni 08:20 da vafot etgan.
Mazkur tug‘ilgan ko‘p nuqsonli chaqaloqning ota-onasi aka-singilning farzandlari bo‘lgan. Ushbu oila ikkala tomonning ham ikkinchi turmushi hisoblanadi. Ularning avvalgi turmushlaridan bir nafardan sog‘lom farzandlari bor. Ayolning mazkur homiladorlik davri normal kechgan.
“Ma’lumki, tibbiyotda aksariyat hollarda yaqin qarindoshlar nikohi tufayli bolalar turli irsiy nuqsonlar bilan dunyoga kelishi isbotlangan. Xususan, bunday oilalar tufayli tug‘ilajak bolada tug‘ma aqliy zaiflik, xromosoma kasalliklari, Daun sindromi, aqliy va jismoniy o‘sishdagi jiddiy oqsoqlik kabi xavfli xastaliklar kelib chiqishi mumkin.
Shu bois oila qurishga shaylanayotgan yoshlarga, eng avvalo, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, so‘ngra yangi hayotga qadam qo‘yishlarini, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan saqlanishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)