Angliyaning The Guardian nashri Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionati favoritlari reytingini e’lon qildi.
Nashrga ko‘ra, Argentina terma jamoasi musobaqaning asosiy favoriti sifatida ko‘rsatilgan. Gazeta muharrirlarini argentinaliklarning JCH—2022 saralashidagi o‘yini, shuningdek, Finalissimada Italiya ustidan qozongan g‘alabasi ilhomlantirgan.
Amerika Kubogi—2021 finalida Argentinaga mag‘lub bo‘lgan Braziliya ikkinchi o‘rinni egallagan. Uchinchi o‘rindan Ispaniya terma jamoasi joy olgan. The Guardian Pedri va Gavi boshchiligidagi ispaniyalik yosh futbolchilar avlodini e’tirof etgan, ammo tarkibda yaqqol goleador hujumchi yo‘qligi muammo bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, mundial favoritlari top-10 ligiga Niderlandiya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Belgiya, Portugaliya va Angliya kiritilgan. So‘nggi o‘rinlarda Janubiy Koreya, Kosta-Rika, Qatar, Avstraliya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari qayd etilgan.
Avvalroq Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike Argentina va Braziliya terma jamoalarini mundial favoriti deb hisoblashini aytib o‘tgandi.
Futbol bo‘yicha 2022-yilgi Jahon Chempionati 21-noyabrdan 18-dekabrga qadar davom etadi. Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial uchun so‘nggi yo‘llanmani Yangi Zelandiyani mag‘lub etgan Kosta-Rika terma jamoasi qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)