Srechko Katanes qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi tur o‘yinini o‘tkazmasidan 2023-yilgi Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Saralash bosqichi reglamentiga ko‘ra, oltita guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar va eng yaxshi beshta ikkinchi o‘rin egasi musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
4 ochkoga ega Filippin B guruhidagi so‘nggi tur o‘yinida Falastinga yutqazib qo‘ydi (0:4). Shu tariqa ushbu guruhdagi eng yaxshi ikkinchi o‘rin egasi maksimum 4 ochko bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.
Bundan kelib chiqadiki, olti ochko to‘plagan barcha ikkinchi o‘rin egalari, shu jumladan, C guruhidagi O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari Osiyo Kubogiga yo‘l oladi. Shuningdek, Tojikiston, Qirg‘iziston, Hindiston va Gonkong ham muddatidan avval Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 14-iyun kuni 20:30 da start oladi.
Izoh (0)