Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida 7-iyun kuni boshqaruvni yo‘qotgan mashina piyodani urib yubordi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi shu kuni soat taxminan 18:00 lar atrofida A-378 Samarqand—G‘uzor avtomobil yo‘lining 62-kilometrida sodir bo‘lgan. Koson tumani Obron qishlog‘ida yashovchi fuqaro B.M. Isuzu avtotransport vositasida Ko‘kdala tumani Umakay qishlog‘i hududida kelgan vaqtida hushyorlikni yo‘qotib, yo‘lni o‘ng tomon chetidan piyoda harakatlanib ketayotgan fuqaro T.E.ni urib yuborgan. So‘ng mashina boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, ag‘darilgan.
YTH oqibatida piyoda tan jarohati olib, Ko‘kdala tumani markaziy shifoxonasiga tushgan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)