4-iyun kuni taniqli davlat arbobi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning safdoshi Georgiy Kraynov 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuasi xabar berdi.
Georgiy Kraynov 1933-yilning 21-noyabrida Andijonda tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika universitetini tamonlagan. Mehnat faoliyatini “Andijon haqiqati” gazetasida boshlagan. Musahhih, muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
1976-yilda Kraynov O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limining gazeta va jurnallar sektori mudiri lavozimini egallagan. Bir yildan so‘ng Markaziy qo‘mita bosh kotibining yordamchisi lavozimida ish boshlagan. U Sharof Rashidov bilan uzoq yillar birga ishlagan.
Georgiy Kraynov mustaqillik yillarida ham qator mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan — prezident yordamchisi, prezident qabulxonasining bosh konsultanti, Prezident devonining Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘lim protokol sektori mudiri.
2018-yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekistonning birinchi prezidenti nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuasida yetakchi ilmiy xodim sifatida ishlab kelayotgandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “Do‘stlik” ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Izoh (0)