Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Qaror loyihasi bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda “Parrandasanoat” uyushmasining 2023-yil 1-apreldan boshlab parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqini faqatgina “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda belgilangan tartibdagi mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Parrandasanoat” uyushmasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar “my.vetgov.uz” saytini quyidagilarni nazarda tutgan holda takomillashtiradi:
- parrandachilik sohasidagi ma’lumotlarni tizimli tahlil qilish uchun soliq xizmati, statistika, bojxona, veterinariya organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning axborot mahsullari bilan integratsiya qilish;
- parrandachilik xo‘jaliklaridagi ota-onalar galasi, inkubatsion tuxumlar, bir kunlik jo‘jalar, ozuqa yem zaxirasi, parrandachilik mahsulotlari – iste’mol tuxumi, parranda go‘shti hamda boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishdan oxirgi iste’molchigacha sotish hajmlarini butun zanjiri bo‘yicha kompleks hisobga olish;
- parrandachilik xo‘jaliklarining haqiqiy ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, ozuqa yem mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji va subsidiyalar ajratish miqdorini aniqlash mezonlarini joriy etish.
- Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2022-yildan boshlab har yili “Parrandasanoat” uyushmasining buyurtmasiga asosan:
- bug‘doy narxi arzon bo‘lgan yig‘im-terim davrlarida parrandachilik xo‘jaliklari uchun 500 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda mahalliy va import bug‘doydan zaxira yaratadi;
- bug‘doy taqchilligi kuzatilgan davrda zaxira qilingan bug‘doyni birja savdolari orqali parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga zaxira qilish va saqlashga sarf qilingan xarajatlarni hisobga olgan holda realizatsiya qiladi.
- tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik qo‘yidagi maqsadlarga:
- parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib, inkubatsion tuxum, bir kunlik jo‘ja, ozuqa mahsulotlari va uning qo‘shimchalari, dori vositalari, qo‘shimcha komponentlar, bug‘doy, makkajo‘xori, soya doni, soya va kungaboqar shrotini kelgusi bir yil uchun zaxira qilishga aylanma mablag‘larni to‘ldirishga;
- barcha turdagi inkubatsion sexlar, parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash texnologik asbob-uskunalarini, shuningdek, maxsus texnikalar va ularning ehtiyot qismlari hamda boshqa asosiy vositalarni sotib olish va modernizatsiya qilishga beriladi;
- O‘zbekiston prezidentining PQ–5146-son qarori asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditlar bundan mustasno.