Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida ichkilikbozlik oqibatida bir kishi jinoyat qurboni bo‘ldi.
IIV “Postda” nashrida ma’lum qilinishicha, Xiyobon ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yerto‘lasidan 1960-yilda tug‘ilgan fuqaro tanasida turli xildagi jarohat izlari bilan, jonsiz holatda topilgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatni Farg‘ona shahrida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgani aniqlanib, ushlangan.
Surishtiruvlardan ayon bo‘lishicha, gumondor va jabrlanuvchi avvaldan tanish bo‘lgan va jinoyat sodir etilgan joyda birga spirtli ichimlik ichgan. Shundan so‘ng o‘zaro janjallashib, biri ikkinchisiga og‘ir jarohat yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Bundan avval Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida spirtli ichimlik ichish sabab kelib chiqqan janjalda bir fuqaro halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.