Andijon viloyati Izboskan tumanida suv ta’minoti idorasi xodimi qarzdor iste’molchilar tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tuman IIB holatga munosabat bildirib, zo‘ravon iste’molchi javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 12-aprel kuni jabrlanuvchi A.S. tumanning “Toshloq” MFY, Adolat-1 ko‘chasida yashovchi qo‘shnisi N.M.ni (1976-yilda tug‘ilgan ayol kishi) haqorat qilgani holati yuzasidan murojaat kelib tushgan. Bu bo‘yicha Izboskan tumani IIB HPB TP PI xodimi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirib, belgilangan muddatda sud muhokamasiga taqdim etilgan. Holat yuzasidan 17-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi tomonidan A.S.ga nisbatan BHMning yarim barobari (135 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shundan so‘ng A.S. 23-may kuni yana ushbu qo‘shnisi N.M. xonadoniga soat 19:30 lar chamasida borgan (A.S. holat yuzasidan bergan ko‘rsatmasida N.M.ning xonadoniga mast holatda borganini bayon etgan). Xodim iste’molchi tomonidan foydalangan toza ichimlik suvidan 625 ming so‘mlik qarzdorligi bo‘yicha talabnomani berib, uning ayollik shaxsiyatini kamsitib, janjallashgan. Bu vaqtda ularni ajratish uchun kelgan N.M.ning o‘g‘li M.M. onasiga nisbatan A.S.tomonidan qilinayotgan muomalaga chiday olmasdan uning yuz qismiga mushti bilan bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Holat ushbu kuni Izboskan tumani IIBning Shakl-1 kitobidan 1011-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan sud muhokamasiga taqdim qilish chorasi ko‘rilmoqda.
Avvalroq Andijonda qarzdor ayol MIB xodimini kaltaklab, garovga qo‘yilgan Damas’ni olib qochgani, Sirdaryoda o‘qituvchi va maktab direktori o‘rinbosarini kaltaklagan shaxslarga 3 sutka qamoq jazosi tayinlangani, Buxoroda xarid chekini bermagan savdogar bu haqda soliqchilarga xabar qilgan xaridorni kaltaklagani to‘g‘risida xabar berilgandi.