Toshkent davlat yuridik universiteti binosida o‘zboshimchalik bilan devorlarni teshish, turli taxtachalar o‘rnatish kabi ishlar qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.
Qayd etilishicha, prokuratura idoralari tomonidan mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda madaniy merosni muhofaza qilish, ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan doimiy o‘rganishlar o‘tkazib borilgan. Jumladan, Toshkentning Sayilgoh ko‘chasida joylashgan, XIX asrga oid arxitektura yodgorligi bo‘lgan (sobiq Erkaklar va ayollar gimnaziyasi) Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan foydalanib kelinayotgan binolar mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan. Natijada tegishli ruxsatnoma olinmasdan bino devorlari teshilib, qayd etish taxtachalari o‘rnatilgani va atroflari bo‘yalgani, sovitkich (konditsioner) dvigatellari hamda soyabonlar o‘rnatilgani aniqlangan.
Oliygoh rahbariyati tomonidan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatma bajarilmagani sababli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga taqdim qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining qarori bilan oliygohning mas’ul rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Hozirda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)