Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya harbiylarining Ukrainadagi harakatlarini ta’riflashda “genotsid” so‘zidan foydalanish kerak emasligini ma’lum qildi, deb xabar beradi CNN.
Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden rossiyalik harbiylarning Ukrainadagi harakatlarini genotsid deb atagan edi. Makron France 2 telekanaliga intervyu berayotganida undan Baydenning fikriga qo‘shilish yoki qo‘shilmasligi haqida so‘rashgan. “Hozirda bu kabi terminlardan foydalanishga ehtiyot bo‘lgan bo‘lardim, chunki ushbu ikki xalq (rus va ukrain — tahr.) — aka-uka”, — deydi Makron.
Shu bilan birga, Fransiya prezidenti Ukrainada harbiy jinoyatlar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. “Rossiya bir tomonlama tartibda favqulodda qattiq urushni boshladi, rus armiyasi harbiy jinoyatlarni amalga oshirgani aniqlangan va biz aybdorlarni topishimiz kerak”, — deydi u.
Biroq Makronning qayd etishicha, “harbiy harakatlarning ortishi” urushni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatishga xizmat qilmaydi.
Avvalroq Emmanuel Makron, agar Ukrainadagi vaziyatni hal qilishda foydali bo‘lsa, Kiyev yoki Ukrainaning boshqa shahriga tashrif buyurishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)