Ukrainada urush boshlanishi ortidan Rossiyada so‘nggi bir oy ichida deyarli birorta ham mustaqil OAV qolmadi. Mamlakatda harbiy senzura kuchga kirdi. Endilikda hukumatning rasmiy manbalari pozitsiyasiga zid bo‘lgan har qanday ma’lumotni tarqatish taqiqlanadi. Meduza talabalar bilan oliy ta’lim muassasalarida urushga nisbatan qanday kayfiyat hukm surayotgani va ular o‘z kelajagini jurnalistika bilan bog‘lay olishi yoki yo‘qligi haqida suhbatlashdi. “Daryo” shu suhbatni o‘zbek tiliga o‘girdi.
Suv quygandek jimjit
Sankt-Peterburg davlat universiteti “jurnalistika” o‘quv dasturi tinglovchisi Yana shunday deydi:Darslarda urush mavzusi deyarli tilga olinmaydi. O‘qituvchi xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha elektivda kursdoshlarimizga Putin murojaatini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kurs uchun umumiy bo‘lgan fanlarda bu mavzu ko‘tarilmaydi. Umuman, hukumatga sodiq o‘qituvchilar bu haqida fikr bildirib, urushning Rossiya uchun ijobiy ahamiyatini haqida so‘zlamoqda. Muxolif fikrli o‘qituvchilar esa shama qilishlar bilan cheklanmoqda yoki sukut saqlamoqda.Ural federal universiteti talabasi Matvey (ismi o‘zgartirilgan) ham shunga o‘xshash fikr bildiradi:
Biz ba’zi darslarda maqolalar ustida fikrlashamiz, so‘nggi yangiliklarni tahlil qilamiz yoki o‘zimiz biror nima yozamiz. Ilgari, masalan, “Birinchi kanal” reportajlarida qanday voqea yoritilishidan qat’i nazar, u yerda ketayotgan propagandani muhokama qilishimiz mumkin edi: mitinglarni, Ukrainani. Muxolifat vakillarining so‘nggi intervyularini tomosha qilardik. Endi esa bir oydan beri jimlik. Koronavirus va Pekin Olimpiadasi haqidagi materiallarni tahlil qilyapmiz — yangiliklar xuddi 24-fevralda tugab qolgandek.Yugorsk davlat universiteti talabasi Alyonaning (ismi o‘zgartirilgan) aytishicha, amaliy mashg‘ulotlarda talabalar Xanti-Mansi avtonom okrugidagi kundalik yangiliklarni tahlil qilib, ko‘ngillilar haqidagi matnlar borasida fikrlashib, jurnalistika tarixini o‘rganmoqda. Alyona o‘qituvchining urush mavzusiga qanday to‘xtalib o‘tgani haqida shunday eslaydi:
Bir kuni darsda material ortiqcha yuklamalardan xoli bo‘lishi uchun tahliliy matn qancha tezis va fikrlardan iborat bo‘lishi kerakligini muhokama qildik. O‘qituvchi doskaga “Urush” deb yozib, urush har doim fojia ekanligini, uni asossiz bahonalar bilan oqlab bo‘lmasligini aytdi. Lekin mavzuga kengroq to‘xtalmadi.Alyonaning aytishicha, dars paytida suhbat urushga qadalsa, o‘qituvchilar mavzuni o‘zgartirishga harakat qiladi. “Ha, achinarli hol, tez orada tugaydi degan umiddamiz”, — deydi ular. Hech qaysi tarafning yonini olmaydi, hech qanday fikrni majburan singdirmaydi, lekin “qayg‘urmang, bahonada qishloq xo‘jaligini rivojlantirib olamiz” qabilidagi “nekbin” fikrlarni bildiradi.
Matvey ismli jurfak talabasi Ural federal universitetida ham vaziyat xuddi shunday ekanligini ta’kidlaydi:
Sanksiyalarni tinch va turli pozitsiyalardan turib muhokama qilyapmiz. Suhbat urush mavzusiga burilishi bilanoq, o‘qituvchilar sarosimaga tushib, “muhokamaning asosiy g‘oyasidan chalg‘imaslikni” so‘raydi.Sankt-Peterburg davlat universiteti talabasi Yananing aytishicha, talabalarning o‘zi ham bu mavzuni ochmaydi:
Guruhdosh qizlarimizdan biri ustozdan yuz berayotgan voqealarni qayerdan bilishi haqida so‘radi. Ustoz “Interfaks” va “Kommersant”ni o‘qishini aytdi. Bu mavzu boshqa ko‘tarilmadi. Hech kim bahslashishni, nizo chiqarishni istamaydi, o‘qituvchilardan ham bo‘layotgan voqeani muhokama qilish tashabbusi chiqmaydi. Talabalar qanday pozitsiyada ekanligini aniq biladigan o‘qituvchilar bilan esa gaplashishga hojat yo‘q — “hamma bilib turibdi”.Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Faina (ismi o‘zgartirilgan) universitetda murosa buzilmasligi uchun urush mavzusiga norasmiy taqiq qo‘yilganini taxmin qilmoqda:
O‘qituvchilar ishdan olinib, ularning o‘rniga haqiqiy odamxo‘rlar kelishini hech kim istamaydi. Shu sababli fikrni to‘g‘ridan to‘g‘ri ifodalamaymiz: ko‘proq propagandaga oid eski holatlarni muhokama qilamiz, bugungi kunni eslatuvchi tarixiy voqealar haqida gaplashamiz.
“Hozircha chetlab o‘tishyapti”
Yugorsk davlat universiteti talabasi Alyonaning aytishiga qaraganda, universitet rahbariyati negadir boshqa fakultetlardan farqli ravishda jurnalistika fakulteti talabalariga bosim o‘tkazmagan:Boshqa yo‘nalishdagi talabalar bilan soxta ma’lumotlarni tarqatish va buning uchun javobgarlik to‘g‘risida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Universitetning rasmiy guruhlarida va suhbatlarda hukumat tomonidan uyushtirilgan tadbirga taklif qilishdi. Yig‘ilishda guruh sardorlari ijtimoiy tarmoqlarda hech nima yozmaslik va umuman o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolmaslik haqida ogohlantirildi. Urush boshlanganidan beri sukunat hukm surmoqda. Texnik jihatdan kulrang zonadamiz: bizni to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirishmadi, muhokama qilishga yig‘ilmadik. Lekin talabalar urush va sanksiyalar haqida faqat o‘zaro suhbatlashmoqda.Meduza bilan suhbatlashgan boshqa talabalar ham universitetda o‘tkaziladigan axborot xavfsizligi bo‘yicha ma’ruzalarga taklif qilinmaganini aytadi. Talabalar administratsiya “jurnalistlar bilan o‘chakishishdan qo‘rqadi” deya taxmin qilmoqda. Sankt-Peterburg davlat universiteti talabasi Yana shunday deydi:
Yaqinda universitetimizda Ukraina tarixi bo‘yicha alohida onlayn kurs yaratildi. Asoschilarning fikriga ko‘ra, u Ukraina qanday qilib “milliy afsonalarga qurbon qilingani” haqida. Kurs dasturida u siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar, jurnalistika, huquq va boshqa bir nechta fakultetlar uchun mo‘ljallangani aytilgan. Asosiy ma’ruzachi — xalqaro munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi Nikolay Mejevich. Darvoqe, u ijtimoiy tarmoqlarda amerikalik jurnalistning Ukrainada halok bo‘lganidan xursandligini bildirib, “liberalning jigarini sotib olishni” taklif qilgan. Lekin u haqida talabalarga hozircha hech qanday ko‘rsatma berilmagan, u bizning majburiy dasturimizga kiritilmagan. Agar kiritilsa, bunga hayron qolmayman.Ba’zi oliy o‘quv yurtlarida urush mavzusiga ko‘z yumilmayapti. Moskva davlat madaniyat institutining jurnalistika fakulteti talabasi Anna (ismi o‘zgartirilgan) o‘qituvchilar “maxsus operatsiya”ni ochiqchasiga tanqid qilib, federal kanallardagi propagandani tahlil qilayotganini aytadi:
Ammo o‘qituvchilar bizdan ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda. Biz urush davri qonuniyatlari ostida yashayapmiz, bu vaqtda hech kim inson huquqlariga rioya qilmaydi, shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda nima yozayotganimizga e’tibor berib, tilimizga ehtiyot bo‘lishimiz kerak, deyishdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarimiz kuzatib boriladi: har holda, dekanimiz (Yuriy Kot) hukumatparast, u allaqachon federal kanallarda va YouTube’da “maxsus operatsiya” haqida bir qancha chiqishlar qildi. Faqat Twitter’da o‘ylaganimni ayta olaman — hali u yerga dekanat qadami yetmadi.Moskva davlat universitetining jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari nafaqat urushni tanqid qiladi, balki dars jarayonida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani bilan bog‘liq jurnalistik materiallardan ham foydalanadi, deydi jurnalistika fakulteti talabasi Yelena (ismi o‘zgartirilgan):
Biz Rossiya va Ukraina propagandasini tahlil qilamiz. Shu mavzuda doklad tayyorlashimiz mumkin. Balki, o‘qituvchilar borasida mening omadim kelgandir — boshqa guruhlarda qanday ahvol ekanligini bilmayman. Seminarlarda ma’ruzalardan ko‘ra erkinroqmiz: seminarlar torroq doirada o‘tgani uchundir, ehtimol. Kurs bo‘lib o‘tiladigan ma’ruzalarda o‘qituvchilar urush haqida gapirmaydi.Ammo Yelenaning so‘zlariga ko‘ra, universitet OAVida urush mavzusi ko‘tarilmaydi, u yerdagi maqolalarni talabalarning o‘zi yozadi (o‘qituvchilar nazorati ostida — Meduza izohi). Talabalarga urush haqida yozish, Rossiyaning harakatlarini “Urush” deb atash, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va iqtisodiy inqiroz haqida materiallar tayyorlash taqiqlanadi. Yelena shunday deydi:
O‘qituvchilar shunga majbur bo‘layotganini tushunaman. Bu ularning shaxsiy tashabbusi bo‘lmasa kerak, har holda.24-fevral kuni “Xolod” nashri Moskva davlat universiteti siyosiy va ijtimoiy jurnalistika modullarini birlashtirgani haqida xabar berdi. Talabalarga ijtimoiy va siyosiy jurnalistika bir-biridan ajralmas ekanligi tushuntirilib, senzura bo‘lmasligiga va’da berishgan. Yelena bu haqida shunday eslaydi:
Bizga buni o‘qituvchilar aytdi. Boshqa ma’lumot yo‘q, dastur noma’lum, u qanday modul bo‘lishini hech kim bilmaydi. Nega ular to‘satdan bu qarorga kelgani qiziq, yil o‘rtasida shoshilinch ravishda bunday qilayotgani shubha uyg‘otadi.Moskva davlat universiteti matbuot xizmati “Kommersant” jurnalistlariga bu qarorni “optimallashtirish” deb tushuntirgan. Oliy iqtisodiyot maktabi talabasi Nina (ismi o‘zgartirilgan) shunday deydi:
Biz urush haqida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi va Jamoatchilik fikri jamg‘armasi so‘rovlarining metodologiyasi muammolari haqida xotirjam gaplashamiz. Talabalar urushni “Urush” deb atashiga o‘qituvchilar xotirjam qaraydi. Tepadagilar bizni diqqat bilan kuzatayotgani, rektorat esa davlat nazorati ostida ekanligi aniq. Lekin hozircha hech qanday senzurani his qilmadik: ajoyib o‘qituvchilarimiz bor. To‘g‘ri, boshqa fakultetlarga senzura ta’siri bo‘ldi. Mart oyida, o‘quv yili tugashiga bir necha oy qolganda, gumanitar fanlar yo‘nalishi talabalari kurs ishi mavzusini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi, chunki ular kurs ishida Instagram’dagi postlarni tahlil qilgan. Instagram esa hozir blokda. Lekin bizni istisno qilishdi.
“Kasb etikasi haqida gapirishdan ma’ni qoldimi o‘zi?”
O‘qituvchilar Roskomnadzor ba’zi OAVlarni bloklagani va senzuraning boshqa ko‘rinishlari haqida talabalar bilan muhokama o‘tkazishga moyilligi ko‘proq. Talabalarning aytishicha, so‘nggi bir oy ichida jurnalistikada sodir bo‘lgan voqealar ularning ko‘pchiligini ham dovdiratib qo‘ygan. Janubiy federal universiteti talabasi Inna shunday hikoya qiladi:Yaqinda bir dars bo‘ldi, unda kasb etikasi va jurnalist vazifasi haqida gaplashdik. O‘qituvchining o‘zi bu haqida gaplashishdan ma’ni bor yoki yo‘qligini tushunolmayotganini aytdi. Axir etika va kasbning asosiy tamoyillari doirasida faoliyat yuritadigan barcha OAVlar yopildi, bloklandi, jarimaga tortildi. Lekin har ehtimolga qarshi bilib qo‘yish kerak: vaziyat birdan o‘zgarib qolishi ham mumkin.Ural federal universiteti talabasi Matvey shunday deydi:
Ba’zi o‘qituvchilarimiz davlat OAVlarida ishlaydi. Ular so‘nggi vaqtlarda sarosimaga tushib qolgani sezilyapti. Bu o‘qituvchilar bizga nimani qanday qilish kerakligi haqida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, lekin to‘g‘ri ishlashning hech qanday shartlariga o‘rin qolmaganini o‘zlari ham tushunadi. Hozir ular hammamiz ketishimiz, yoki o‘tirishimiz haqida ko‘proq hazillashadi. Bloklangan OAVni o‘qish uchun VPN o‘rnatish kerakligini aytadi.Talabalar mustaqil nashrlarda amaliyot o‘tay olmasligidan xavotirda va o‘qituvchilarning hech biri ishdan haydalmasligidan umid qiladi. Yugorsk davlat universiteti jurnalistika fakulteti talabasi Alyonaning aytishicha, mintaqadagi yagona mustaqil nashr bo‘lgan “Yugra PRO” xavfsizlik kuchlarining tahdidi ostida o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Endi talabalar davlat OAVlarida amaliyot o‘tashga majbur bo‘ladi. Boshqa chora yo‘q axir. Sankt-Peterburg davlat universiteti talabasi Yana shunday eslaydi:
O‘tgan yili bir qiz qayta amaliyot o‘tashga majbur bo‘ldi. U “Dojd”da amaliyot o‘tagan ekan, bu nashr “xorijiy agent” deb tan olingani uchun amaliyoti hisobga o‘tmagan. Biz ham yopiq yoki bloklangan OAV jurnalistlari amalga oshiradigan loyihalarda amaliyot o‘tolmaymiz, deb qo‘rqaman. Ular ham endi talabalarni qabul qilishi dargumon — shusiz ham tashvishlari yetarli bo‘lsa kerak. Tuzukroq nashrda amaliyot o‘tamasak, keyin ishga kirish juda qiyin bo‘ladi: odatda talabalar amaliyotdan keyin tahririyat bilan hamkorlik qila boshlaydi.Yana kelajakdan umidi butkul yo‘qolganini aytib, bunga shunday izoh beradi:
Biz muntazam kuzatib borgan va ishlashni istagan barcha OAVlar bloklandi yo “xorijiy agent” deb tan olindi. Hatto bloklanmaganlar uchun ham yo‘l yopiq. Men, masalan, sport xabarlarini yetkazuvchi OAVda ishlamoqchi edim, lekin bizda sportning o‘zi qolmadi, chunki milliy terma jamoa xalqaro musobaqalardan chetlashtirildi.Oliy iqtisodiyot maktabi talabasi Nina (ismi o‘zgartirilgan) talabalar hozir sarosimaga va tushkunlikka tushib qolganini tan oldi. Nina uchinchi kursda o‘qiydi — ba’zi guruhdoshlari allaqachon bloklangan OAVlarda ishlay boshlagan, boshqalari reklama, prodyuserlik SMM ishlari bilan band, lekin ular ham yoppasiga ishdan bo‘shatilgan. U o‘z fikrini shunday izohlaydi:
Avvallari urush davrida reklamalar berish etikaga to‘g‘ri kelmasdi, lekin hozir bunga talab ham yo‘q, pul ham yo‘q. Birinchi navbatda tajribasiz talabalar ishdan bo‘shatiladi. Ko‘pchilik o‘qishdan sovib qolgan. Bizda avval ma’naviy ikkilanish bor edi: yaxshi maosh evaziga propaganda uchun ishlash yoki mustaqil OAV uchun yozib, kamroq pul olish. Endi esa yo propaganda qilish, yoki umuman ishlamaslik tanlovi qoldi, xolos.
Izoh (0)