Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tug‘uruqxonaga ketayotgan ayollar ham yurak hovuchlab o‘tishga majbur bo‘layotgan osma ko‘prik yangilandi. Bu haqda Qamashi tumani hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tumanning “Changak” mahallasi Qorako‘z qishlog‘ida joylashgan osma ko‘prik ta’mirtalab holatga kelib qolganligi sababli aholi ushbu ko‘prikdan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Tuman hokimligi ushbu holatlarni inobatga olib osma ko‘prikni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratgan.
“Hozirda osma ko‘prikda loyiha qiymati 50 million so‘m bo‘lgan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugun tuman hokimi va prokurori ushbu ko‘prikda bo‘lib, qurilish ishlari bilan tanishdi. Quruvchilarga osma ko‘prikda aholi foydalanishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, mazkur ko‘prik haqida avvalroq “Daryo”da ham yozilgan bo‘lib, maqolada “Changak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurauf Begaliyev osma ko‘prik 2010-yildan so‘ng aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilganini aytgani, ammo keyinchalik foydalanish uchun xavfli holatga kelib qolgani tilga olingandi.
Mavzuga doir:
- Qamashidagi homilador ayollarni olib o‘tib bo‘lmaydigan jin ko‘prik 7,5 mlrd so‘mga qayta qurilib, foydalanishga topshirildi
- Andijondagi “Alvasti ko‘prik” o‘rnida yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi
- “Menga kelgan xatlarning ko‘pida ‘ko‘prik qurib bering, prezident buva’ deb yozilgan”. Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi yo‘llar haqida