3-mart kuni Toshkentda “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatini Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o‘qib eshittirdi.
Anjuman yakunida Qo‘shma harakatlar rejasiga doir Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda terrorizm va turli tahdidlarga qarshi sa’y-harakatlarni birlashtirish, hamkorlikda kurashish maqsadi ko‘zda tutilgan.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev anjuman yakunida jurnalistlarga intervyu berdi.Bugun mamlakatimiz poytaxti Toshkentda nihoyatda muhim tadbir bo‘lib o‘tyapti. Bu tadbir butun dunyo hamjamiyatining e’tibor markazida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu tadbir BMTning Global aksilterror strategiyasining ijrosiga bag‘ishlangan. 15 yil avval BMT zamonamizning eng muhim muammolaridan biri, butun dunyo hamjamiyatini bezovta qilayotgan masala — xalqaro terrorizmga qarshi global strategiya ishlab chiqdi. Bu nihoyatda muhim edi. Chunki xalqaro terrorizm oxirgi 10 yillarda katta muammoga aylandi. Terrorizm har bir millat, xalq, mintaqada dahshatli darajada o‘z harakatini ko‘rsatdi. Bu narsa mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga, insonlarning hayotiga nisbatan katta tahdiddek ko‘rinmoqda. Albatta, o‘z nomi bilan xalqaro terrorizm bo‘lganidan keyin u barcha xalqaro, nodavlat tashkilotlarni mushtarak ravishda dasturlarni amalga oshirishga taqozo qiladi.
Tan olaylik, hech bir davlat alohida bo‘lib bu muammoni yecha olmaydi. Chunki xalqaro terrorizmni moliyalashtirish markalari bir joyda, terroristlarni tayyorlovchi lagerlar boshqa joyda. Shundan kelib chiqib BMT aksilterror strategiyani ishlab chiqdi. Shuni aytish kerakki, Markaziy Osiyo mamlakatlari 2011-yilda birinchi bo‘lib mintaqaviy shu dasturni amalga oshirish bo‘yicha o‘zining dasturlarini ishlab chiqishdi.Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2-mart kuni BMT bosh kotibining o‘rinbosari – Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qilgandi. Uchrashuvda mamlakatning BMT institut va tuzilmalari, shu jumladan, Kontrterror boshqarmasi bilan amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.Bugun konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentining murojaatini tingladilar. Murojaatda yuqorida aytilgan maqsadlarga nisbatan aniq fikrlar ilgari surildi. Nafaqat qilingan ishlar, balki kelajakda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflar kiritildi. Xo‘sh, bu qanday takliflar? Birinchidan, prezidentimiz bu muammo keskinligini saqlab qolayotgani sabab Markaziy Osiyoda aksilterroristik dasturining bu yerdagi ofisini ochish va barcha davlatlarning boshini qovushtirib, muvofiqlashtirilgan harakatni amalga oshirishni taklif qildilar. Yana bir marta qaytaramiz, bu xalqaro muammo va bunga nisbatan javob ham xalqaro bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, biz bilamizki, terrorizm ham o‘zgarib boryapti. Masalan, kiberterrorizm paydo bo‘lyapti. Uni moliyalashtirish uchun moliyaviy yangi instrumentlar paydo bo‘lyapti. Bular kriptovalyutalar bilan bog‘liq. Ularni nazorat qilish ancha qiyin va aynan ular terroristik faoliyatni moliyalashtirishga qaratilmoqda.
Uchinchidan, prezidentimizning taklifi shundan iborat bo‘ldiki, hozirgi muammoning yechimi birinchi navbatda yoshlar bilan ishlash va faol yoshlar siyosatini olib borish. Chunki biz terroristik guruhlarning e’tibori tajribaga, mustahkam dunyoqarashga ega bo‘lmagan yoshlarga qaratilganini bilamiz.
O‘ylaymanki, ushbu xalqaro anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonning yangi takliflarini qo‘llab-quvvatlashdi. Bugun bo‘lib o‘tgan majlis yakunida Qo‘shma harakatlar rejasiga doir Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Buni katta g‘alaba, deb hisoblashamiz mumkin. Bejiz emas, oxirgi qabul qilingan O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida birinchi bor bizning tashqi siyosat va maqsadlarimiz qatorida umumbashariy muammolarni hal qilishda O‘zbekistonning rolini kuchaytirish haqida gap ketmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonni ko‘rsatyapti. Avval O‘zbekiston, asosan, ichki va mintaqaviy masalalarni ko‘targan bo‘lsa, yangi mavqega ega bo‘lgan O‘zbekiston umumbashariy muammolarni hal qilishda ham o‘z faolligini ko‘rsatmoqda.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev