Samarqand viloyati Narpay tumanida alkogol mahsulotlarini qo‘lbola usulda tayyorlab sotayotgan yashirin sex faoliyati fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Narpay tumani bo‘limlari tomonidan Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda tumandagi “Zirabuloq” mahallasida yashovchi fuqaro U.I. o‘z uyida yashirin sex tashkil qilgani aniqlangan. U turli alkogol mahsulotlarini “Qarataw” nomli alkogol mahsulotining bo‘sh shishalariga quyib, ushbu brend ostida qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini “Mirbozor” dehqon bozori atrofida muomalaga kiritib kelgan.
Xonadondan umumiy qiymati 215,5 million so‘mlik 8 ming 555 dona turli xil nomdagi alkogol mahsuloti, 1 ming 455 dona aksiz marka va asbob uskunalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga doir:
- Buxoroda inson salomatligi uchun xavfli yog‘ mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin korxona aniqlandi
- Qoraqalpog‘istonda qo‘lbola usulda “Qaratau” spirtli ichimligi ishlab chiqaradigan yashirin korxonalar faoliyatiga chek qo‘yildi
- Bulung‘urda noqonuniy faoliyat yuritayotgan spirtli ichimlik sexi borligi ma’lum bo‘ldi